O’zbekiston elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda o’zbek tilini noldan o’rgatuvchi «Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons» nomli qo’llanma chop etildi.
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari tavsiyalarini inobatga olgan holda mazkur kitob tayyorlangan.
Ushbu kitobning kirish qismida o’zbek tilining o’ziga xos xususiyatlari, uning o’zgarish bosqichlari hamda o’zbek xalqining shakllanish tarixi haqida so’z yuritilgan.
Kitobning asosiy qismidagi 22 ta darslar yirik mavzularni boshqa qo’llanmalar kabi alohida-alohida to’liq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni o’rganish uchun eng zarur bo’lgan qoidalar va konstruksiyalarni o’rgatishga mo’ljallangan.
O’zbek tilida fe’l zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda ingliz tiliga qiyoslab sodda ko’rinishda tushuntirilgan.
Har bir dars so’ngida qisqa mashqlar va matnlar keltirilgan. Bunda o’rganuvchiga yuk bo’lmasligi uchun mashqlar soni ko’paytirilmagan.
Qo’llanma oxirida til o’rganishni osonlashtiruvchi qo’shimcha qismlar ham kiritilgan. Shuningdek, o’zbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan ba’zi keng foydalaniladigan o’zlashma so’zlar ham mazkur kitobga ilova qilingan.
Jumladan, xorijiy tilni she’rlar va qo’shiqlardan foydalanib o’rganish qulayligini inobatga olib, o’zbek xalqi orasida ommalashgan she’r va qo’shiqlar kitobda keltirilgan, ulardagi murakkab so’zlar sharhi ham bevosita berilgan.
Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun O’zbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari to’g’risida qiziqarli ma’lumlar ham mavjud.
Qo’llanma so’nggida 2500 dan ortiq faol qo’llaniladigan so’zlar asosida o’zbekcha-inglizcha lug’at chop etildi.
Elchixona tashabbusi bilan nashrga tayyorlangan mazkur kitob Misrdagi kutubxonalar, o’zbek tilini o’rganayotgan Qohira universiteti talabalari orasida tarqatilmoqda.
Shuningdek, O’zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali o’zbek tili o’qitiladigan xorijiy universitetlarga ham yetkazish rejalashtirilgan.
Mazkur qo’llanma boshqa davlatlardagi o’quvchilar uchun Amerika, Yevropa va Osiyodagi AMAZON platformalarida ham elektron va rangli bosma kitob shakllarida joylashtirilgan, «Google Books» va «Google Play« platformalarida esa ilova shaklida topish mumkin.
Shuningdek, mazkur darslik rus tiliga ham tarjima qilinib, loyiha nusxasi «Uzbekskiy yazik: Polniy kurs za 22 uroka» nomi bilan LITRESplatformasida elektron shaklda mavjud. Ushbu qo’llanma hozirda arab tiliga ham tarjima qilinmoqda.
