London universitet kolleji olimlari tomonidan yangi tadqiqot oʻtkazishdi. Natijada, oliy maʼlumotli odamlar sekinroq qarishi ma’lum bo’lgan.
Unga koʻra, yuqori ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega boʻlgan odamlar, oliy maʼlumotli va yuqori daromadli shaxslar, tengdoshlariga nisbatan sekinroq qariydi va yoshga bogʻliq kasalliklarga kamroq duchor boʻladi.
Tadqiqot doirasida 800 000 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan toʻrtta yirik loyiha natijalari tahlil qilingan. Qarish jarayoni yoshga bogʻliq kasalliklar va qon plazmasidagi oqsillar tarkibi orqali baholangan.
Bundan tashqari, past ijtimoiy maqomga ega boʻlgan odamlar yuqori maqomdagilarga nisbatan 20 foiz koʻproq yosh bilan bogʻliq kasalliklarga chalinib, tezroq qarish kuzatilgan. Kam taʼminlangan odamlarda 2-toifa diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, jigar kasalliklari, oʻpka saratoni va insult xavfi ikki baravar yuqori.
Shunindek, qondagi 14 ta oqsil darajasi bevosita insonning ijtimoiy mavqeyiga bogʻliq boʻlib, yuqori ijtimoiy mavqe kasallik xavfini 39 foizgacha kamaytirishi mumkin. Tadqiqotchilar yoshga qarab ijtimoiy mavqeni yaxshilash qarish jarayonini ijobiy yoʻnalishda oʻzgartirishi mumkinligini aniqlashgan. Bolaligida qiyin sharoitda yashagan, lekin keyinchalik yuqori daromad va maqomga erishgan odamlarda yoshga bogʻliq kasalliklar kamroq uchraydi.
«Bu jarayon turmush tarzi, stress darajasi, ruhiy salomatlik, atrof-muhit ifloslanishi, oziqlanish, jismoniy faollik, chekish va spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin», — deb taʼkidlagan Professor Linda Partridge.
Shuningdek, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, jumladan, profilaktik tekshiruvlar va emlashlar, salomatlik holatiga taʼsir qiluvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.
