Shveysariya Gulnora Karimova bilan bog‘liq 313 million dollarni O‘zbekistonga qaytaradi: mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’limga yo‘naltiriladi

Shveysariya Gulnora Karimova bilan bog‘liq 313 million dollarni O‘zbekistonga qaytaradi: mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’limga yo‘naltiriladi

O‘zbekiston hukumati va Shveysariya Federal Kengashi “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim”ni imzoladi. Bitim doirasida Shveysariya 182 million dollar miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytaradi. Bu haqida Adliya vazirligi ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali yo‘naltiriladi. Ushbu jamg‘arma mablag‘larni O‘zbekiston aholisining sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirishga sarflashni nazarda tutadi.

 

Bundan oldin, 2022-yil avgust oyida O‘zbekiston va Shveysariya noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish mexanizmini belgilovchi dastlabki bitimni imzolagan edi. O‘shanda 131 million dollar qaytarilishi kelishib olingan edi. Bugungi yangi bitim imzolanishi bilan O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘ miqdori 313 million dollarga yetdi.

 

«BMT qoshidagi “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” mablag‘larning shaffof va samarali taqsimlanishini ta’minlaydi. Fond va uning loyihalari haqida ma’lumotlar https://www.ishonch.org/ veb-saytida o‘zbek va ingliz tillarida e’lon qilingan», – deyiladi vazirlik axborotida.