Nufuzli “Scopus” tarmog‘iga kiruvchi “Higher Education Policy” jurnalida O‘zbekistonda doktorantura bosqichiga doir tadqiqot natijalari aks etgan maqola chop etildi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning an’anaviy o‘qitish tizimidan ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilgan oliy ta’lim modeliga o‘tishi katta xarajatlarni talab qiladi.
Ta’lim sifati va ilmiy halollik bilan bog‘liq qoidalarning to‘liq bajarilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan nazorat tizimi esa hanuz yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ilmiy tadqiqot odob-ahloq me’yorlari 1990-yillarda zaiflashgan bo‘lib, bu muammoning yanada chuqurlashishiga sabab bo‘ldi.
Dissertatsiyalar sotib olinmoqda: akademik korrupsiya tizimning isloh qilishiga to‘sqinlik qilmoqda
O‘zbekistondagi ilmiy muhit hali ham akademik halollik tamoyillarini to‘liq qabul qilmagan. Ko‘plab doktorantlar ilmiy darajani o‘z ilmiy salohiyati bilan emas, balki moddiy imkoniyatlari orqali qo‘lga kiritmoqda. Bir universitet rahbarlaridan biri vaziyatni quyidagicha izohlagan:
«Dissertatsiya yozish xizmatlari hammaga ma’lum. Universitetlarning o‘zida ham bu xizmatni ko‘rsatadigan shaxslar bor. Mening tajribamga ko‘ra, PhD dissertatsiyalarining yarmidan ko‘pi adolatsiz usullar bilan tayyorlanadi. Odatda, kimdir 3 000 dan 5 000 AQSh dollarigacha miqdorida pul to‘lab, dissertatsiyasini yoki dissertatsiya himoyasi uchun zarur bo‘lgan maqolalarni yozdirib oladi.»
Bu kabi noxolis amaliyotlar ilmiy sifatsizlik muammosini yanada chuqurlashtiradi. Ilmiy maqolalar shubhali jurnallarda chop etilayotgani esa O‘zbekiston tadqiqotchilarining xalqaro akadoktoranturamik jamiyatga integratsiyasini qiyinlashtirmoqda.
Sovet merosi va G‘arb modeli o‘rtasidagi murakkab o‘tish jarayoni
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston doktorantura ta’limi modeli Sovet Ittifoqi an’analaridan kelib chiqqan bo‘lsa-da, u G‘arb davlatlaridagi doktorantura tizimiga moslashishga harakat qilmoqda. Yevropadagi doktorantura tizimlari 2003-yildagi Berlin Kommyunikesidan so‘ng yanada uyg‘unlashgan bo‘lsa-da, yagona Yevropa modeli mavjud emas.
Shunga qaramay, O‘zbekiston o‘z doktorantura tizimini G‘arb andozalariga moslashtirishga harakat qilmoqda.
Tahlilga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning doktorantura tizimi Sovet modelining qator xususiyatlarini saqlab qolgan, xususan:
– Davlat tomonidan qat’iy boshqariladigan ikki bosqichli tizim (PhD va DSc darajalari);
– Ilmiy daraja olish uchun dissertatsiyaga qo‘shimcha ravishda maqolalar chop etish talabi;
– Davlat tomonidan taqdim etilgan resurslar va moliyaviy imkoniyatlarning cheklanganligi.
Aynan mana shu cheklovlar O‘zbekiston tadqiqotchilarining xalqaro ilmiy jamoatchilik bilan integratsiyasiga to‘sqinlik qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekiston ilmiy tadqiqot va ishlanmalar (R&D) uchun yalpi ichki mahsulotning atigi 0.16 foizini ajratgan, bu esa sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Moliyaviy mustaqillik doktorantlarga qanday ta’sir qiladi?
O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi oshgani sayin, doktorantura dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar ham qisqarib bormoqda. Masalan, ilgari davlat tomonidan yiliga 12 ta doktorlik o‘rinlari ajratilgan bo‘lsa, bu raqam oldin 6 taga, keyinchalik esa 3 taga kamaygan.
Oliy ta’lim ekspertlaridan biri tadqiqotchilarga bu holat haqida shunday fikr bildirgan:
«Agar oliy ta’lim muassasalarida yo‘laklardagi suhbatlarga ishonilsa, keyingi yillarda bu o‘rinlar umuman bekor qilinishi mumkin, chunki universitetlar moliyaviy jihatdan o‘zlarini o‘zlari ta’minlashi kerak bo‘ladi.»
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi to‘siqlar
O‘zbekiston doktorantlarining xalqaro akademik jamoaga integratsiyasini oshirish uchun xalqaro ilmiy nashrlarda maqolalar chop etish shart qilib qo‘yilgan. Biroq, bu talabning adolatsiz bajarilishi muammoga aylangan.
Hukumat ilmiy maqolalarning xalqaro jurnal va konferensiyalarda e’lon qilinishini rag‘batlantirayotgan bo‘lsa-da, bu jarayon adolatli nazorat mexanizmlariga ega emas. Natijada, doktorantlarning aksariyati ilmiy maqolalarni sifatsiz yoki shubhali jurnallarda chop ettirish orqali o‘z darajalarini olmoqda.
Ekspertlar O‘zbekistonda doktorlik ta’limi tizimini isloh qilishda akademik halollik va ilmiy etikaga asoslangan mustahkam tizim yaratish zarurligini ta’kidlamoqda. Bu esa nafaqat ilmiy sifatni oshirish, balki mamlakat tadqiqotchilarining xalqaro ilmiy jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga yordam berishi mumkin.
