Talaba kontraktni o‘z vaqtida to‘lamagani uchun o‘qishdan chetlashtirilishi mumkinmi?

Talaba kontraktni o‘z vaqtida to‘lamagani uchun o‘qishdan chetlashtirilishi mumkinmi?

Oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba to‘lov-kontrakt pulini belgilangan muddatda to‘lamasa, o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin. Qonunchilikda kontrakt to‘lovlari muddatlari, talabani chetlashtirish va kursda qoldirish tartiblari belgilangan.

 

Talimxabarlari.uz ga talabalar tomonidan ‘‘To‘lov-kontraktni o‘z vaqtida to‘lmasak, o‘qishdan chetlashtirilamizmi?’’ mazmunidagi savollar kelib tushmoqda. Talabalarni o‘qishdan chetlatish va kursdan-kursga qoldirish tartiblari Vazirlar mahkamasining 578-son qarorida belgilangan.

 

Unga ko‘ra, talabalar quyidagi holatlarda oliy ta’lim tashkilotidan chetlashtirilishi mumkin:

 

  • o‘z xohishiga ko‘ra;
  • o‘qishini boshqa ta’lim tashkilotiga ko‘chirganda;
  • OTMning ichki tartib-qoidalari yoki odob-axloq qoidalarini buzganda;
  • bir semestr davomida uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq dars qoldirganda. Bunda salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan holatlar bundan mustasno;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talaba belgilangan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganda;
  • sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
  • sud qarori bilan kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda;
  • kursda qoldirilgan talaba o‘qishini davom ettirish uchun belgilangan muddatda murojaat qilmaganda;
  • qabul vaqtida taqdim etilgan hujjatlarning qalbaki ekani yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlanganda;
  • talaba vafot etganda.

 

Shuningdek, kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi sud qarori bilan aniqlanib, shu asosda o‘qishdan chetlashtirilgan talaba o‘qishga qayta tiklanmaydi.

 

Demak, bundan kelib chiqadiki, kontraktda o‘qiydigan talaba to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamasligi oqibatida ham o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin.

 

Kontraktni qachongacha to‘lash kerak?

 

O‘tgan yili ‘‘Ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom’’ ga o‘zgartirish kiritilgan edi. 

 

Unga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt asosida o‘qish uchun to‘lov quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

 

  • to‘lov miqdorining kamida 25 foizi – abiturientlar uchun 15-sentabrgacha hamda yuqori bosqich talabalari uchun 1-oktabrgacha yoki oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha;
  • to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-martgacha va 100 foizi 1-maygacha yoki oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha amalga oshiriladi.

 

Ammo Davlat komissiyasi yuqoridagi to‘lov muddatlarini uzaytirishi mumkin. Ma’lumot uchun joriy yilda ham kontraktning dastlabki 25 foizini to‘lash muddati avval 15-oktyabrga qadar, keyinchalik esa 1-noyabrga qadar uzaytirildi.

 

Qachon talaba kursda qoldiriladi?

 

Vazirlar mahkamasining (2025-yil 13-sentabr) “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida talabalarni kursdan-kursga qoldirish tartibi ham belgilangan.

 

Unga ko‘ra, talabalar oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan quyidagi hollarda kursdan-kursga qoldiriladi:

 

  • belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmaganda (akademik qarzdor bo‘lganda), o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari bundan mustasno;
  • o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlarida semestr va o‘quv yili yakuni natijalari bo‘yicha GPA o‘tish ballini to‘play olmaganda;
  • malakaviy amaliyotga qatnashmagan, shuningdek, malakaviy amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baholanganda.

 

Kursda qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini o‘zlashtirmagan tegishli o‘quv semestri boshidan boshlaydi.

 

Talabalar o‘quv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni o‘tkazish va jamlash tizimi joriy etilgan oliy ta’lim tashkilotlarida akademik qarzdorligi tufayli kursda qoldirilgan talabalar tegishli o‘quv semestridan boshlab faqat o‘zlashtira olmagan fanlarini (modullarini) takroran o‘qiydi.

 

Kursda qoldirilgan talaba o‘qishni davom ettirishi uchun talabalar o‘qishini qayta tiklash uchun belgilangan muddatlarda oliy ta’lim tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.

 

Qo‘shimcha ma’lumot o‘rnida, talabalarga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Buning uchun har oyning 7-sanasiga qadar onlayn ariza topshirish kerak.

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌