Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari matematika fanidan tegishli sertifikatga ega bo‘lsa, ushbu fan dars soatlari uchun 20 foiz ustama olishi mumkin.
Avvalroq ona tili va adabiyot hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikatlarga ega pedagoglarga ustama to‘lash tartibi haqida xabar bergan edik.
Unga ko‘ra, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi ona tili va adabiyot hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tegishli sertifikatlarga ega bo‘lsa, ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:
- ona tili va adabiyot fanidan dars soatlari uchun — 50 foiz;
- boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishidagi qolgan fanlar uchun — 15 foiz.
Ta’lim va ilm-fan vazirligining qo‘shimcha izohiga ko‘ra, agar pedagog matematika fanidan ham tegishli sertifikatga ega bo‘lsa, ushbu fan dars soatlari uchun 20 foiz ustama to‘lanadi.
Bunda, bir fan bo‘yicha bir nechta sertifikat mavjud bo‘lsa, ular uchun belgilangan ustamalar qo‘shib hisoblanmaydi. Bunday holatda pedagogga tegishli fan bo‘yicha yuqoriroq miqdorda ustama olish huquqini beradigan sertifikat asosida haq to‘lanadi.
Oylik maosh miqdorini hisoblashda qiynalayotgan pedagoglar uchun maxsus Telegram bot ishga tushirilgan. Unda o‘qituvchining toifasi va boshqa ko‘rsatkichlarini kiritish orqali ish haqini hisoblash mumkin.
Shuningdek, yangi malaka toifasini olgan pedagoglarning oylik maoshi qancha oshishi haqida Jarayon.uzning ushbu maqolasida batafsil ma’lumot berilgan.
