O‘quv markazlari faoliyati uchun binolarga qo‘yiladigan talablar qayta belgilandi

O‘quv markazlari faoliyati uchun binolarga qo‘yiladigan talablar qayta belgilandi

O‘quv markazlari binolariga qo‘yiladigan talablar qayta belgilandi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun dars xonasining 15 kv.m bo‘lishi yetarli bo‘ladi, proyektor va 400 lyuks yoritish darajasi esa faqat yuridik shaxslardan talab qilinadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qarori bilan tasdiqlangan Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga o‘zgartirish kiritildi.

 

Unga ko‘ra, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatadigan o‘quv markazlari va repetitorlik bilan shug‘ullanadigan yakka tadbirkorlar uchun binolarga qo‘yiladigan minimal talablar qayta belgilandi.

 

Jumladan, yuridik shaxslar uchun dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarning minimal maydoni quyidagicha belgilandi:

 

  • to‘garak mashg‘ulotlari xonasi — 15 kv.m;
  • ustaxona — 30 kv.m (mavjud bo‘lsa);
  • studiya va individual mashg‘ulotlar xonasi — jami 20 kv.m (mavjud bo‘lsa);
  • umumnazariy va umumta’lim laboratoriya xonalari — 25 kv.m (mavjud bo‘lsa).

 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa dars mashg‘ulotlarini tashkil etishga mo‘ljallangan 15 kv.m maydondagi xona yetarli bo‘ladi.

 

Shuningdek, o‘quv auditoriyasida bitta elektron yoki oddiy doska bo‘lishi talab etiladi. Proyektor va xonaning 400 lyuks yoritilganlik darajasi esa faqat yuridik shaxslar uchun majburiy bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, yakka tadbirkor davlat muassasasi binosida dars o‘tkazsa, bino talablarga mosligi haqidagi tegishli xulosalarni bino tegishli bo‘lgan davlat muassasasining o‘zi oladi.⁠⁠‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ya’ni maktab yoki boshqa davlat muassasasidan xona ijaraga olgan repetitor bu xulosalarni o‘zi to‘plashi shart emas.⁠⁠‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 

Eslatib o‘tamiz, olis va chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat o‘quv markazlari bino ijarasi hamda yangi jihoz va asbob-uskunalar xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha subsidiya olishi mumkin.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌⁠⁠ Buning uchun my.gov.uz orqali ariza topshirish talab etiladi.