Olis va chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat o‘quv markazlari bino ijarasi hamda yangi jihoz va asbob-uskunalar xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha subsidiya olishi mumkin. Buning uchun my.gov.uz orqali ariza topshirish talab etiladi.
O‘quv markazini tashkil etgan yoshlar bino ijarasi va jihozlar xarajatlarini davlat hisobidan qoplash uchun subsidiya olishlari mumkin.
Bunda subsidiya olish uchun o‘quv markazi olis va chekka hududda joylashgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, bino bo‘yicha rasmiy ijara shartnomasi mavjud bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, o‘quv markazida ta’lim olayotganlarning kamida 20 foizi 14–30 yoshdagi, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari bo‘lishi lozim.
Subsidiya olish uchun ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi.
Buning uchun OneID orqali avtorizatsiyadan o‘tish va tegishli davlat xizmatini tanlash kerak.
Ariza beruvchi o‘quv markazi hamda Ijtimoiy reyestrdagi o‘quvchilar ro‘yxatiga oid zarur hujjatlarni elektron shaklda yuklaydi.
Ariza belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgach, murojaat natijasi bo‘yicha rasmiy xabarnoma yuboriladi.
Subsidiya “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan BHMning 50 baravarigacha miqdorda ajratiladi.
