O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarida 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha 227 ta dissertatsiya himoya qilindi. Shu davrda olimlar xalqaro ilmiy jurnallarda yuzlab maqolalar chop ettirdi va yangi patentlar oldi.
Bu haqda Fanlar akademiyasi Axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarda 180 ta falsafa doktori (PhD) va 47 ta fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoya qilingan.
Ilmiy nashrlar bo‘yicha jami 1 475 ta maqola chop etilgan. Ularning 620 tasi Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indekslangan jurnallarda e’lon qilingan. Shuningdek, 65 ta monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanma nashr etilgan, 18 ta patent olingan.
Akademiya faoliyatini raqamlashtirish doirasida “Fan-portal” yagona axborot tizimi ishga tushirilgan. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida esa Tojikiston, Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy ilmiy muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorlik bitimlari imzolangan.
Hisobot davrida bir qator amaliy ilmiy natijalarga ham erishilgan. Xususan, mahalliy “Sohibi” uzum navining to‘liq genomi yaratilgan. Misni 99 foizgacha, nikelni esa 95 foizgacha ajratib olish imkonini beruvchi texnologiya ishlab chiqilgan.
Shuningdek, Toshkent shahri hududida kuchli zilzilalar yuz berishi ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘choqlar aniqlangan. Farg‘ona vodiysi uchun seysmik hududlashtirish xaritasi tuzilgan.
Brifingda o‘simliklarning fitokimyoviy tadqiqotlari, “Termitlarni nazorat qilish” axborot tizimi, yangi avlod materiallarini yaratish, tarixiy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish hamda ilmiy asarlarni tarjima qilish borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berilgan.
