Ayrim talabalar uchun yotoqxona to‘lovi davlat tomonidan qoplab beriladi

Ayrim talabalar uchun yotoqxona to‘lovi davlat tomonidan qoplab beriladi

“Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan farzandlari talabalar turar joyida yashash xarajatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplatishi mumkin.

 

Bu Hukumatning 2026-yil 28-yanvardagi 32-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda nazarda tutilgan.

 

Belgilangan tartibga ko‘ra, ushbu imtiyoz talabaning grant yoki kontrakt asosida tahsil olishidan qat’i nazar amal qiladi.

 

Imtiyozga ega talabalar davlat oliy ta’lim tashkilotlarining talabalar turar joylariga ustuvorlik asosida, navbatsiz joylashtiriladi. Agar oliygohda davlat yotoqxonasi mavjud bo‘lmasa, ular davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtirilishi mumkin.Yashash xarajatlarini qoplash uchun ajratiladigan mablag‘lar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning bank plastik kartasiga o‘tkaziladi.

 

Talabaning oilasi “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgani elektron hukumat tizimi orqali olingan ma’lumotlar yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan taqdim etilgan ma’lumotnoma asosida tasdiqlanadi.

 

Eslatib o’tamiz, arizalar har oyning 7-sanasiga qadar qabul qilinib, mazkur imtiyozdan faqat davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar foydalanishi mumkin.

 

Avvalroq xabar berganimizdek,  ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajatlari vaucher orqali qoplab beriladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠⁠