Endi ehtiyojmand oilalar farzandlarining bog‘cha, o‘quv markazi va yotoqxona xarajatlari qoplab beriladi

Endi ehtiyojmand oilalar farzandlarining bog‘cha, o‘quv markazi va yotoqxona xarajatlari qoplab beriladi

Kelasi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajatlari vaucher orqali qoplab beriladi. Vaucher 12 oy muddatga amal qiladi.

 

Davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi.

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Bunda oilaning faqat daromadi emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlashi kabi omillar ham hisobga olinadigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.

 

Ma’lum qilinishicha, respublikada kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.

 

Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz, – dedi Prezident.

 

Shuningdek, ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi.

 

Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga “passiv daromad” keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yilda 300 milliard so‘m ajratilgan. Mazkur yordamni olgan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.

 

Ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini bir hafta ichida kiritish topshirildi.

 

Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Vaucher 12 oy muddatga beriladi va ehtiyojmand oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham amal qiladi.

 

Avvalroq, yig‘ilish davomida ta’kidlangan maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilishi hamda hokim yordamchilari uchun o‘quv markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.