Hokim yordamchilari uchun o‘quv markazi tashkil etiladi

Hokim yordamchilari uchun o‘quv markazi tashkil etiladi

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotga videoselektor yig‘ilishida hokim yordamchilari uchun o‘quv markazi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda mutasaddilarga ikki oyda o‘quv markazi tashkil etib, xorijdan mutaxassislar jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

 

Ushbu markazda hokim yordamchilari “loyihabay” ishlashga o‘qitiladi.

 

Viloyat shtablari yil yakunida har bir tumandan eng yaxshi ikki nafar hokim yordamchisini Xitoy, Yaponiya va Turkiyaga malaka oshirishga yuboradi.

 

Eng namunali hokim yordamchilariga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama to‘lanadi.

 

Shuningdek, mahalla bankirlarini ham shu tartibda o‘qitish va ularning xorijiy stajirovkasini tashkil etish topshirildi.

 

Bosh prokuraturaga bankirlar va hokim yordamchilarining mustaqil qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish vazifasi belgilandi.

 

Avvalroq, maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.