O‘zbekistonda 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy maktabga tayyorlash umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilanmoqda. Bunda tayyorlov mashg‘ulotlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etish, bolalarni ushbu jarayon bilan to‘liq qamrab olish nazarda tutilgan.
Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi. Qonun loyihasi maktabgacha va maktab ta’limi tizimlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, bolalarning maktab ta’limiga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan. Hujjat bilan ‘‘Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida’’gi hamda ‘‘Ta’lim to‘g‘risida’’gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, bog‘chaga qatnaydigan 6 yoshli bolalar bir yillik tayyorlov mashg‘ulotlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, bog‘chaga bormaydigan bolalar esa umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘taydi. Shu orqali barcha bolalarni maktabga tayyorlov bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ularning bir yillik tayyorlovdan o‘tish huquqini kafolatlashga oid huquqiy asoslar mustahkamlanadi.
Qonun loyihasi muhokamasi davomida tayyorlov mashg‘ulotlarini ijtimoiy obyektlarda ham tashkil etish imkoniyatini nazarda tutuvchi norma yuzasidan e’tirozlar bildirildi. Xususan, fraksiya a’zolari bunday yondashuv bolalarning ona tilida ta’lim olishi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi. Ularning fikricha, bolalarning boshlang‘ich ta’limni boshqa millat tilida olishi millat kelajagi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Qayd etilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish, bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash hamda milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o’tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishib, 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bunda aynan maktablar 12 yillik ta’limga o‘tmaydi, balki bog‘chalardagi maktabga tayyorlov guruhlari tizimi ham maktab ta’limiga qo‘shib yuborilishi hisobiga 12 yillik ta’lim tizimiga o’tishi haqida xabar bergan edik.
