Huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi

Huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi

Huquqshunoslik fanidan dekabr oyida o‘tkaziladigan milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi. Arizalar 26-noyabrga qadar my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.

 

Talabgorlar bugun, 17-noyabrdan boshlab 26-noyabrga qadar (shu kuni ham) my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Imtihonda qatnashish uchun to‘lovni esa 27-noyabrga qadar (shu kuni ham) amalga oshirish lozim.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihonini dekabr oyining 12–30-sanalari oralig‘ida talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda o‘tkazilishi rejalashtirilayotganligini ma’lum qildi.

 

Imtihon qog‘oz shaklida o‘tkaziladi. Talabgorlar soniga cheklov qo‘yilmaydi.

 

Imtihonning aniq sanasi talabgorlarni ro‘yxatga olish yakunlangach, ularning soni va hududlar kesimidagi taqsimotidan kelib chiqib belgilanadi. Aniq sana imtihon boshlanishidan kamida 7 kun oldin e’lon qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihoni uchun test varianti tafsiloti va namunaviy test topshiriqlarini e’lon qilingan edi.⁠⁠‌‌ Hujjatlarda imtihon savollarini shakllantirishda foydalaniladigan qonunchilik manbalari hamda fan mavzulari ko‘rsatilgan.