So‘nggi 10 yilda davlat mablag‘lari hisobidan 763 ta fundamental va 2 639 ta amaliy ilmiy loyiha moliyalashtirilgan. Biroq ularning juda oz qismi keyingi bosqichga o‘tgan. Ayrim qimmat laboratoriya uskunalari esa uch yildan ortiq vaqt davomida ishlatilmagan.
Hisob palatasi tomonidan ilmiy va innovatsion faoliyat sohasida davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlarida qator tizimli muammolar aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2016–2026-yillarda davlat mablag‘lari hisobidan bajarilgan 763 ta fundamental ilmiy loyihaning atigi 64 tasi keyingi — amaliy bosqichga o‘tgan. Bu umumiy loyihalarning 8,4 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, 2 639 ta amaliy loyihadan faqat 119 tasi innovatsion bosqichga ko‘tarilgan. Ularning atigi 13 tasi amaliy davomga ega bo‘lgan
.
Hisob palatasi xulosasiga ko‘ra, moliyalashtirilgan fundamental va amaliy loyihalarning qariyb 98 foizi real iqtisodiyotga yetib bormagan.
Ilm-fanga 8,3 trillion so‘m ajratilgan
Budjet ma’lumotlariga ko‘ra, 2021–2025-yillarda ilm-fan sohasiga qariyb 8,3 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Faqat 2025-yilning o‘zida bu yo‘nalish xarajatlari 2 trillion so‘mdan oshgan.
Ayrim ilmiy loyihalar ekspertizadan o‘tishi uchun 15 oygacha kutgan
Tekshiruvlarda ilmiy loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish va moliyalashtirish jarayonlari ham uzoq davom etayotgani aniqlangan.
Xususan, ayrim loyihalar bo‘yicha ekspertiza va mablag‘ ajratish jarayonlari 8 oydan 15 oygacha cho‘zilgan. 2024-yilda 2 635 ta, 2025-yilda esa 2 988 ta loyiha talabnomasi kelib tushgan.
Birgina yog‘-moy mahsulotlari bo‘yicha innovatsion loyihaga ekspert xulosasi berish 287 kun davom etgan. Boshqa tomondan, 510 ta loyiha ilmiy ekspertizasiz, yana 269 tasi moliyaviy ekspertizasiz tasdiqlangan. Shuningdek, 3 470 ta ekspert xulosasi belgilangan muddatda taqdim etilmagan.
Natijada ayrim loyihalar uzoq vaqt ekspertiza kutayotgan bir paytda, boshqalari zarur tekshiruvlardan o‘tmasdan moliyalashtirilgan.
Qimmat laboratoriya uskunalari yillar davomida ishlatilmagan
Hisob palatasi 242 ta oliy ta’lim muassasasi va ilmiy tashkilotdagi 2 898 ta laboratoriya asbob-uskunasidan foydalanish holatini ham o‘rgangan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, uskunalarning yillik o‘rtacha foydalanish darajasi 45 foizni tashkil etgan.
Xususan, Bioorganik kimyo institutida to‘rt turdagi zamonaviy laboratoriya uskunasi uch yildan ortiq vaqt davomida umuman ishlatilmagan.
Bir xil ilmiy tadqiqotlar uchun davlat mablag‘i qayta sarflangan
Tekshiruvlarda ilmiy tadqiqotlar va ularning natijalarini hisobga olish bo‘yicha yagona elektron ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi ham aniqlangan. 1991–2025-yillarda davlat buyurtmasi asosida qariyb 11 mingta ilmiy loyiha bajarilgan va 26 mingtagacha hisobot shakllantirilgan.
Biroq hisobotlarning 43 foizi arxivlarda, qolgan qismi esa turli vazirliklar va oliy ta’lim muassasalarida tarqoq holda saqlanmoqda.
Yagona axborot bazasi yo‘qligi sababli ayrim tadqiqot mavzulari takroran moliyalashtirilgan. Masalan, tijorat banklarida kredit risklarini o‘rganish bo‘yicha ikkita oliy ta’lim muassasasida mazmunan bir xil ilmiy tadqiqot bajarilgan.
Hisob palatasi qanday takliflarni ilgari surmoqda?
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish va davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun Hisob palatasi bir qator takliflarni ilgari surgan.
Jumladan:
- Ilmiy loyihalar ekspertizasi muddatini 90 kun bilan cheklash. Ekspertlarni loyihalarga inson omilisiz, elektron tizim orqali biriktirish va ularning faoliyatini reyting asosida baholash;
- Yagona milliy elektron ilmiy ma’lumotlar bazasini yaratish. Unda ilmiy loyihalar, dissertatsiyalar, patentlar, hisobotlar va laboratoriya uskunalari haqidagi ma’lumotlarni jamlash;
- Sun’iy intellektdan foydalanish. Yangi ilmiy loyihalarning avval bajarilgan tadqiqotlarga o‘xshashligini va mavzular takrorlanishini avtomatik aniqlash;
- Qimmat laboratoriya uskunalari xaridini nazorat qilish. Qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori jihozlarni sotib olishdan oldin mamlakatda uning analogi mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish;
- Laboratoriyalardan birgalikda foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish. Mavjud ilmiy uskunalardan bir nechta tashkilot va tadqiqotchilar foydalanishi uchun umumiy markazlar tashkil etish;
- Ilmiy dasturlarni iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashtirish. 2027-yildan boshlab davlat ilmiy dasturlarini tarmoqlar va hududlarning aniq texnologik muammolaridan kelib chiqib shakllantirish.
Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xususiy sektorni tadqiqotlarga jalb etish va ilmiy loyihalar natijalarini aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash taklif etilgan.
