Samarqandda 11-sinf o‘quvchisi Mardon Donoboyev beshta fan bo‘yicha milliy sertifikat olib, muddatidan avval talaba bo‘ldi. U bu natijaga erishish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rgani va tengdoshlariga qanday maslahat berishi haqida Talimxabarlari.uz muxbiriga so‘zlab berdi.
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 93-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Donoboyev Mardon Nodir oʻgʻli 5 ta fan bo‘yicha milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi.
Mardonning aytishicha, unda milliy sertifikat olish istagi 8-sinfdayoq paydo bo‘lgan. Sertifikatlar kirish imtihonlaridagi fanlarni to‘liq yopib berishini bilgach, bu maqsad yo‘lida jiddiy tayyorgarlikni boshlagan.
Sertifikat olish g‘oyasi menda 8-sinfda paydo bo‘lgan. Buni amalga oshirish uchun ustozim nazorati ostida tayyorgarlikni yanada kuchaytirdim, — deydi u.
Uning Talimxabarlari.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, asosiy fanlar bo‘yicha tayyorgarlikka ikki yil vaqt ajratgan. Majburiy fanlardan esa ona tili uchun 1,5 oy, tarixga 25 kun, matematikaga ikki oy sarflagan.
Darsliklardan boshlangan tayyorgarlik
Mardon dastlab maktab darsliklarini to‘liq o‘rganib chiqqan. Keyinchalik kimyo va biologiya fanlaridan Nodirbek Ismoilovning testlar to‘plamini ishlagan. Majburiy fanlardan ham sertifikat testlari orqali bilimini mustahkamlagan.
O‘quvchining ta’kidlashicha, erishilgan natijalarda, ayniqsa, biologiya fani ustozining mehnati katta bo‘lgan.
Tayyorgarlik jarayonida Mardon o‘ziga qulay usulni ham shakllantirgan: bir soat dars qilgan, keyin 10 daqiqa dam olgan. Bu tartib unga diqqatni jamlash va vaqtni samarali taqsimlashda yordam berganini bildirdi.
Uyqusiz tunlar va qiyin masalalar
Mardonning aytishicha, ayrim masalalarning javobini topish uchun soatlab bosh qotirgan paytlari ham bo‘lgan. Bu esa uyqu rejimiga ta’sir qilgan.
Bitta javobi chiqmagan masala ustida soatlab bosh qotirar edik. Maqsadim kuchli bo‘lgani uchun tushkunlikka tushish holatlari deyarli bo‘lmagan, — deydi o‘quvchi.
U test savollari kutganidan biroz qiyinroq bo‘lganini, biroq yakuniy natijalaridan mamnun ekanini bildirdi.
“Vaqtni yo‘qotmasdan ertaroq harakat qilish kerak”
Muddatidan avval maksimal ball to‘plagan Mardon Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, ingliz va rus tillarini o‘rganib, o‘quv yili yakunigacha bu yo‘nalishda ham yuqori natijalarga erishishni rejalashtirgan.
U tengdoshlariga esa tayyorgarlikni kechiktirmaslikni tavsiya qiladi.
10–11-sinfda tayyorlanaman, ulguraman deyish juda katta vaqt yo‘qotish va xato. O‘quvchilar maktab darsliklarini chuqur o‘rganib, avval majburiy fanlardan sertifikat olishsa, keyinchalik asosiy fanlarga tayyorlanish ancha oson bo‘ladi, — deydi Mardon.
Uning fikricha, testda yuqori ball olish uchun masala va misollarning eng kichik detallarigacha e’tibor berish, shuningdek, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muhim.
Mardonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!
Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgan samarqandlik o‘quvchi Alqarov Og‘abek suhbatlashgan edi.
