Yangi Zelandiya hukumati maktablarga xorijiy o‘quvchilarni ko‘paytirishda yordam berish uchun pul ajratmoqchi

Yangi Zelandiya hukumati maktablarga xorijiy o‘quvchilarni ko‘paytirishda yordam berish uchun pul ajratmoqchi

Hukumat 2027-yildan boshlab maktablarga xorijiy o‘quvchilarni jalb qilish, qabul qilish va ularning ta’limini davom ettirishga ko‘maklashish uchun 2,5 million Yangi Zelandiya dollarigacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda.

 

Yangi Zelandiya hukumati xalqaro ta’lim sohasini rivojlantirish va xorijiy o‘quvchilar sonini oshirish maqsadida maktablarga yangi yordam xizmatini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

 

Mamlakat ta’lim vaziri Erika Stenfordning ma’lum qilishicha, tashabbus xalqaro o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha tajribaga ega maktablar bilan bir qatorda, bu yo‘nalishda faoliyat boshlashda qiynalayotgan ta’lim muassasalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

 

“Bu yordam faqat xalqaro ta’lim dasturlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan maktablar uchungina mo‘ljallanmagan. Biz ko‘proq maktablar xalqaro ta’lim taqdim etadigan imkoniyatlardan foydalanishini va butun maktab ta’limi tizimining bu boradagi salohiyati oshishini istaymiz”, — degan u.

 

Education New Zealand (ENZ) tashkiloti ochiq tanlov yakunlariga ko‘ra, academyEX kompaniyasini ushbu xizmatni ko‘rsatish uchun eng maqbul hamkor sifatida tanlagan. Shartnoma 2026-yil oktyabr oyida kuchga kirgan bo‘lib, loyihaning amalga oshirilishini ENZ nazorat qiladi.

 

Hozirda Yangi Zelandiyaning qariyb 611 ta maktabida xorijiy o‘quvchilar tahsil olmoqda. Biroq hukumatning ta’kidlashicha, maktablarning ushbu yo‘nalishga kengroq jalb etilishiga bir qator amaliy muammolar to‘sqinlik qilmoqda.

 

Jumladan, ayrim maktablarda xorijiy o‘quvchilarni jalb qilish, qabul qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba hamda imkoniyatlar yetarli emas. Shuningdek, xorijdagi hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish va o‘quvchilar uchun mezbon oilalardan yashash joyi topishda ham qiyinchiliklar mavjud.

 

Yangi xizmat doirasida maktablarga zarur vositalar, tayyor hujjat namunalari va boshqa resurslar taqdim etiladi. Bundan tashqari, xodimlar uchun treninglar, murabbiylik va maslahat xizmatlari tashkil etiladi. Yordam xorijiy o‘quvchilar bilan ishlashning barcha bosqichlarini qamrab oladi.

 

Dastur har bir maktabning ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etiladi. Undan xorijiy o‘quvchilarni ilk bor qabul qilmoqchi bo‘lgan ta’lim muassasalari ham, mavjud xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirishni rejalashtirayotgan maktablar ham foydalanishi mumkin.

 

“Xalqaro o‘quvchilar yangi qarashlar, madaniyatlar va xalqaro aloqalarni olib kirish orqali maktablarimiz va mahalliy hamjamiyatlarimizni boyitadi. Bu yoshlarni dunyo tobora o‘zaro bog‘lanib borayotgan bir sharoitda yashash va faoliyat yuritishga tayyorlashga yordam beradi”, — ta’kidlagan ta’lim vaziri Erika Stenford.

 

Hukumat xalqaro ta’limda ko‘proq maktablarning ishtirok etishi uning iqtisodiy, madaniy va ta’limiy manfaatlarini mamlakatning turli hududlariga yoyishiga umid qilmoqda. Xorijiy o‘quvchilarning xarajatlari hamda madaniy va ta’limiy almashinuvdan xalqaro dasturlari rivojlangan maktablargina emas, boshqa mahalliy hamjamiyatlar ham foyda ko‘rishi kutilmoqda.

 

Mazkur tashabbus Yangi Zelandiyaning “International Education Going for Growth” xalqaro ta’limni rivojlantirish rejasining bir qismi hisoblanadi.

 

Rejaga ko‘ra, hukumat 2027-yilgacha mamlakatdagi xalqaro o‘quvchilar sonini 105 ming nafarga yetkazish, 2034-yilga borib esa ushbu soha orqali olinadigan eksport daromadini 7,2 milliard Yangi Zelandiya dollariga oshirishni maqsad qilgan.

 

“Endilikda asosiy vazifamiz — ta’lim muassasalarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro o‘quvchilar olib keladigan iqtisodiy, madaniy hamda ta’limiy manfaatlardan ko‘proq mahalliy hamjamiyatlar foydalanishiga yordam berish orqali boshlangan ishlarni davom ettirish”, — degan ta’lim vaziri.

 

Avvalroq, Kanada hukumati 2029-yilgacha har yili 150 ming nafardan xorijiy talabani qabul qilmoqchiligini ma’lum qilgan edi.