Ta’lim tashkilotlari uchun davlat akkreditatsiyasi yig‘imi 4 baravargacha kamaytirilishi mumkin

Ta’lim tashkilotlari uchun davlat akkreditatsiyasi yig‘imi 4 baravargacha kamaytirilishi mumkin

Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan shartlar bajarilganda davlat akkreditatsiyasi uchun bazaviy yig‘imning 25 foizi miqdorida to‘lov qo‘llanishi mumkin.

 

Adliya vazirligi Ta’lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish uchun yig‘imlar miqdorlari va ularni hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan qo‘shimchani davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

 

2026-yil 31-oktabrda 3739-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatga muvofiq, ta’lim tashkilotining murojaati asosida ayrim holatlarda davlat akkreditatsiyasi uchun bazaviy yig‘im miqdori 25 foiz etib belgilanishi mumkin.

 

Mazkur tartib quyidagi holatlardan biri mavjud bo‘lganda qo‘llanilishi mumkin:

 

  • Prezident, Prezident Administratsiyasi rahbari yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlaridagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash uchun tegishli ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish zarurati yuzaga kelganda;
  • ta’lim tashkilotidagi amaldagi dasturlarning kamida 50 foizi O‘zbekistonda tan olinadigan akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan va bu natijalar baholash ishlarini qisqartirish imkonini berganda;
  • maxsus davlat akkreditatsiyasini masofaviy shaklda o‘tkazish mumkin bo‘lganda;
  • bir vaqtning o‘zida 10 ta va undan ortiq ta’lim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish uchun murojaat qilinganda;
  • turdosh ta’lim dasturlarini baholashda umumiy moddiy-texnik baza, kadrlar yoki boshqa infratuzilmani takroran baholash talab etilmagani sababli ishlar hajmi qisqarganda.

Mazkur imkoniyat avtomatik tarzda qo‘llanilmaydi. Buning uchun ta’lim tashkiloti murojaat qilishi va yuqoridagi shartlardan biri mavjud bo‘lishi kerak.

 

Avvalroq, yoshlarni kasb va chet tillariga o‘qitish uchun texnikumlarning bir qismi bepul ijaraga berilishi haqida xabar bergan edik.