Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi e’lon qilindi

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi e’lon qilindi

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, imtihon 90 ta topshiriqdan iborat bo‘ladi va uni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

 

Xabaringiz bor, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat berish tizimi joriy etildi.

 

Avvalroq, Talimxabarlari.uz boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish boshlangani, biroq imtihon spetsifikatsiyasi hali e’lon qilinmagani haqida yozgan edi.

 

Bugun hukumatning qaroriga muvofiq, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonining spetsifikatsiyasi ishlab chiqilib, e’lon qilindi.

 

Milliy sertifikat imtihonining spetsifikatsiyasi Ilmiy-o‘quv amaliy markazi tomonidan Buyuk Britaniyaning AQA Global Assessment Services tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro baholash standartlari asosida tayyorlangan.

 

Spetsifikatsiyada imtihon mazmuni, baholash yo‘nalishlari, topshiriqlar shakli va tarkibiga oid ma’lumotlar keltirilgan.

 

Unga ko‘ra, imtihon boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, 90 ta topshiriqdan iborat. Testni bajarish uchun 3 soat vaqt beriladi va imtihon kompyuter orqali topshiriladi.

 

Test varianti uchta qismni qamrab oladi:

 

— ona tili — o‘qish savodxonligi va uni o‘qitish metodikasi — 30 ta topshiriq;

— matematika va uni o‘qitish metodikasi — 30 ta topshiriq;

— pedagogik mahoratni aniqlash (pedagogik va psixologik bilimlar, metodik moslashuvchanlik) — 30 ta topshiriq.

 

Har bir qism umumiy topshiriqlar sonining 33,33 foizini tashkil etadi.

 

Testda quyidagi turdagi topshiriqlar beriladi:

 

— bitta to‘g‘ri javobni tanlash talab etiladigan yopiq test topshiriqlari;

— vaziyatli yopiq test topshiriqlari;

— savol va javob variantlarini moslashtirishni talab qiladigan topshiriqlar;

— qisqa javob yozishni talab qiladigan ochiq topshiriqlar.

 

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi hamda namunaviy test topshiriqlari bilan quyidagi havolalar orqali tanishishlari mumkin:

 

— Spetsifikatsiya bilan tanishish
— Namunaviy test topshiriqlari bilan tanishish

 

Eslatib o‘tamiz, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga tegishli ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo‘yicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lab boriladi.