IIV akademiyasiga professor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilish to‘rt bosqichda amalga oshirilishi taklif qilinmoqda. Nomzodlar test sinovi va sun’iy intellekt yordamidagi suhbatdan ham o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Malaka oshirish instituti va uning filiallariga professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini belgilovchi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Muhokamalar portaliga joylashtirilgan buyruq loyihasi ushbu ta’lim muassasalaridagi professor-o‘qituvchilar tarkibiga nomzodlarni saralash, tanlov o‘tkazish va uning natijalarini e’lon qilish tartibini belgilaydi.
Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi
Loyihaga ko‘ra, nomzodlarni tanlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- dastlabki saralash;
- test sinovi;
- sun’iy intellekt yordamida dastlabki kompetensiyaviy suhbat;
- ishchi guruh tomonidan yakuniy suhbat.
Nomzodlar tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida www.kb.iiv.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi va ariza topshirishi kerak.
Ariza (bildirgi)ga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- xizmat (mehnat) faoliyati haqida ma’lumotnoma;
- shaxsni, ma’lumotini va mehnat (xizmat) faoliyatini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va ilovalar;
- ilmiy daraja va ilmiy unvon to‘g‘risidagi hujjatlar (mavjud bo‘lsa);
- malaka sertifikatlari, ilmiy va o‘quv-metodik ishlar, innovatsion loyihalar hamda tanlov e’lonida nazarda tutilgan boshqa materiallar.
Tanlov hujjatlarni qabul qilish yakunlanganidan keyin 10 ish kuni ichida o‘tkazilishi belgilangan. Unda ishtirok etmagan nomzodlar uchun qo‘shimcha tanlov tashkil etilmaydi.
Loyihada test sinovlarini kompyuter orqali o‘tkazish nazarda tutilgan. Jarayonni tashkil etish va nazorat qilish uchun ishchi guruh tuziladi.
Test savollari jami 50 ta bo‘ladi. Ajratiladigan vaqt fan yo‘nalishiga qarab farqlanadi:
- aniq fanlar — 90 daqiqa;
- ijtimoiy-gumanitar va huquqiy fanlar — 60 daqiqa.
Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball beriladi. Ushbu bosqichda 30 ball va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar test sinovidan o‘tgan hisoblanadi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yiladi?
Loyiha bo‘yicha IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tarkibidagi ayrim lavozimlarga tegishli sohada kamida 10 yillik ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslarni tayinlash nazarda tutilgan. Bu talab fakultetlar, maktablar, sho‘balar, kafedralar va sikllar rahbarlari lavozimlariga tatbiq etilmaydi.
Vazirlik akademiyasining ixtisoslashtirilgan kafedralaridagi professor-o‘qituvchilar lavozimlariga esa tegishli sohada kamida uch yillik amaliy xizmat stajiga yoki tegishli mutaxassislik bo‘yicha ilmiy darajaga ega shaxslar tanlov asosida tayinlanadi.
Shuningdek, quyidagi shaxslarning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
- qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
- pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari boʻlgan shaxslar;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar;
- qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslar;
- amaldagi intizomiy jazosi bo‘lgan yoki xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimlar.
Kimlar tanlovsiz ishga qabul qilinishi mumkin?
Nizom loyihasiga ko‘ra, ayrim toifadagi nomzodlarni Ichki ishlar vazirligining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti tavsiyasi asosida ta’lim muassasalari boshlig‘ining buyrug‘i bilan tanlovsiz ishga qabul qilish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
- Vazirlik akademiyasining magistraturasini “Ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganlar;
- Vazirlik boshqarma boshlig‘i, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi rahbarlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari, shuningdek ilmiy darajaga ega bo‘lgan xodimlar;
- jangovar va jismoniy tayyorgarlik yo‘nalishidagi kafedra va sikllardagi lavozimlarga xalqaro sport ustalari yoki sportning yakkakurashga ixtisoslashtirilgan turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionati sovrindorlari;
- axborot texnologiyalari va chet tillari yo‘nalishidagi sho‘ba, kafedra va sikllardagi lavozimlarga dasturlash bo‘yicha ishlanmalar va ixtirolarga hamda chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati bo‘yicha C1 darajasiga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar;
- harbiy va dron tayyorgarligi yo‘nalishidagi kafedra va sikllardagi lavozimlariga tegishli ixtisoslik bo‘yicha oliy (harbiy) ta’lim muassasalarini imtiyozli diplom bilan tamomlaganlar hamda harbiy tayyorgarlik yo‘nalishida kamida uch yillik amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar;
- ta’lim muassasalarining birida pedagoglar tarkibidagi lavozimda yoki Vazirlik bo‘linmalarida pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimni egallab turgan xodimlar;
- yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarining yuqori ilmiy-pedagogik mahoratga ega bo‘lgan malakali mutaxassislari (ekspertlari).
Apellyatsiya berish tartibi
Tanlov natijalari ishchi guruhning tegishli bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Unda sun’iy intellekt tomonidan berilgan ball va tavsiya ham alohida ko‘rsatiladi. Natijalar ikki ish kuni ichida platforma orqali nomzodlarga ma’lum qilinadi.
Natijalardan norozi bo‘lgan nomzodlar e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasi murojaatni besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Zarur hollarda, muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun malakali mutaxassislar ekspert sifatida jalb etilishi mumkin. Komissiya xulosasiga ko‘ra, tanlov natijalari o‘zgartirilishi mumkin.
Agar natijalar e’lon qilinganidan keyin uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat kelib tushmasa, tanlovdan o‘tgan nomzod bilan ta’lim muassasasi o‘rtasida bir yil muddatga mehnat shartnomasi tuziladi.
Tanlov g‘olibi mehnat shartnomasini tuzishdan bosh tortgan taqdirda, keyingi o‘rinni egallagan nomzod ishga qabul qilinadi.
