1-noyabrdan ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

1-noyabrdan ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2026-yil 1-noyabrdan ta’lim sohasida bir qator yangiliklar kuchga kiradi. Jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasining ikkinchi stipendiya tanloviga hujjatlar qabuli boshlanadi, maktab o‘quvchilariga insult belgilarini aniqlashni o‘rgatuvchi xalqaro loyiha yo‘lga qo‘yiladi.

 

Talimxabarlari.uz 2026-yil 1-noyabrdan ta’lim sohasiga oid muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.

 

Maktab o‘quvchilariga insult belgilarini aniqlash o‘rgatiladi

 

O‘zbekistonda 1-noyabrdan boshlab 1–4-sinf o‘quvchilariga insult belgilarini aniqlashni o‘rgatuvchi “FAST — superqahramonlar” xalqaro ta’lim loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bergan.

 

Loyiha Prezidentning 2026-yil 20-yanvardagi tegishli qarori asosida qabul qilingan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi doirasida amalga oshiriladi.

 

Dastlab Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi yettita, Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlaridagi jami oltita umumta’lim maktabida mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

 

“El-yurt umidi” stipendiyasi uchun hujjatlar qabuli boshlanadi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2026-yil uchun ikkinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi.

 

Tanlov doirasida xorijiy universitetlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olish istagidagi nomzodlar stipendiya uchun ariza topshirishlari mumkin.

 

Hujjatlar 1-noyabrdan 15-noyabrga qadar, shu kuni soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Arizalar jamg‘armaning maxsus onlayn platformasi orqali yuboriladi.

 

Maktablarda kuzgi ta’til 4-noyabrdan boshlanadi

 

Vazirlar Mahkamasining 140-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, umumta’lim maktablarida kuzgi ta’til olti kalendar kun davom etadi.

 

Shunga ko‘ra, 2026-yilda o‘quvchilar 4–9-noyabr kunlari dam olishi, ikkinchi chorak darslari esa 10-noyabr, seshanba kuni boshlanishi kutilmoqda.

 

Musiqa o‘qituvchilari malaka imtihoniga 10-noyabrgacha ro‘yxatdan o‘tishi mumkin

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi 2026-yil 30-noyabr kuni musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun malaka imtihonining birinchi bosqichi — test sinovlarini o‘tkazishni rejalashtirgan.

 

Imtihonda ishtirok etish uchun talabgorlar 10-noyabrga qadar, shu kuni ham, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

 

Test varianti tafsilotlari va topshiriqlar formatlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

 

Joriy o‘quv yili uchun talabalarga kontrakt to‘lovini amalga oshirish muddati 1-noyabrga qadar uzaytirilgan

 

2026-2027-oʻquv yili uchun kontraktni toʻlash va abituriyentlarni talabalar safiga qabul qilish muddati 1-noyabrga qadar uzaytirilgan. Mazkur muddat bakalavriat va magistraturaga oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar, oʻqishi koʻchirilgan yoki koʻchirib tiklangan hamda oʻqishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.

 

Belgilangan muddatga qadar bazaviy toʻlov-kontrakt boʻyicha yillik qiymatning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt boʻyicha esa kamida 50 foizi toʻlanishi lozim.