Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati aniqlandi: 28 nafari shifoxonada

Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati aniqlandi: 28 nafari shifoxonada

Farg‘ona shahridagi uchta MTT tarbiyalanuvchilarining 28 nafari shifoxonada davolanmoqda, yana 23 nafari uyiga javob berilgan. Kasallanish sabablari o‘rganilmoqda.

 

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Farg‘ona shahridagi 2-, 7- va 47-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchilarida kasallik alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

 

Qayd etilishicha, bolalar holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, qorin sohasidagi og‘riq, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.

 

2026-yil 26-oktyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, 28 nafar bola shifoxonada davolanmoqda.

 

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, holat yuzasidan dastlabki epidemiologik surishtiruv boshlangan. Bog‘chalarda bolalar iste’mol qilgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, ularni yetkazib beruvchilar o‘rganilgan. Mahsulotlar va tayyor taomlardan bakteriologik tekshiruv uchun namunalar olingan.

 

Ayni paytda epidemiologik surishtiruv va laboratoriya tekshiruvlari davom etayotgani ma’lum qilingan.

 

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, shifoxonada davolanayotgan bolalarning umumiy ahvoli barqaror, og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q. Shifoxonaga murojaat qilgan yana 23 nafar bolaning ahvoli qoniqarli deb baholanib, ularga tibbiy tavsiyalar berilgan va uy sharoitida davolanishga ruxsat etilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyida Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlangani haqida xabar bergan edik.