2025-yilda Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi

2025-yilda Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi

2025-yilda Toshkent viloyatining besh tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Sud 11 nafar sudlanuvchini aybdor deb topib, ularga ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolarini tayinladi.

 

Bugun, 14-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudida 2025-yil sentyabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyichirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning zaharlanishi holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov ma’lum qildi.

 

Sud hukmiga ko‘ra, 11 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi — sanitariya to‘g‘risidagi qonunchilik yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

 

Bular:

 

  1. O. (erkak, 1985-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ direktori),
  2. S. (erkak, 1987-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ bosh texnologi),
  3. X. (erkak, 1982-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi)ga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish,

 

  1. S. (erkak, 1985-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ taʼsischisi va sotuv boʻlimi menejeri),
  2. O. (erkak, 1990-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ taʼsischisi va direktori oʻrinbosari),
  3. N. (erkak, 1991-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi yordamchisi)ga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish,

 

  1. X. (erkak, 1993-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan, “Governess Business” MCHJ direktori),
  2. S. (erkak, 2000-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, “Innavation Outsourcing Servise” MCHJ direktori),
  3. R. (erkak, 1992-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, “Nishon invest” MCHJ direktori),
  4. D. (erkak, 1993-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Kinder Garden Group” MCHJ direktori),
  5. Q. (ayol, 1997-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ laboranti)ga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

Qayd etilishicha, sud hukmi bilan sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan muayyan huquqdan mahrum qilish belgilangan.

 

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi, – deb yozadi markaz rahbari Aziz Abidov.

 

Avvalroq, Toshkent viloyat hokimi bog‘chadagi zaharlanish holati bo‘yicha munosabatini bildirgani haqida xabar bergan edik.