Sog‘liqni saqlash vazirligi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qildi

“Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi – 2026/2027” tanlovida tibbiyot OTMlarining kunduzgi bakalavriat va magistratura talabalari ishtirok etishi mumkin. Arizalar 26-oktyabrgacha elektron shaklda qabul qilinadi.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriat va magistratura talabalari uchun “Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi – 2026/2027” tanlovi e’lon qilindi.

 

Tanlovda talabalarni saralash bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab talabgorlarning arizalari va taqdim etgan hujjatlari tekshiriladi. Shundan so‘ng nomzodlarning portfeli belgilangan mezonlar asosida ekspertlar tomonidan baholanadi.

 

Keyingi bosqichda nomzodlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning loyihalari yoki amaliy tashabbuslari taqdimoti ko‘rib chiqiladi. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar yakuniy saralashdan o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlanadi va tasdiqlanadi.

 

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

 

— CV (rezyume);
— transkript yoki akademik ma’lumotnoma;
— ilmiy, innovatsion, klinik va jamoatchilik faoliyatini tasdiqlovchi portfel;
— tavsiyanoma;
— akademik qarzdorlik va intizomiy jazo mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
— xorijiy til sertifikati va loyiha konsepsiyasi.

 

Arizalar 2026-yil 26-oktyabrgacha qabul qilinadi. Tanlov to‘liq elektron shaklda o‘tkaziladi. Talabalar maxsus platformada ro‘yxatdan o‘tib, hujjatlarini onlayn yuklashi va arizalarining har bir bosqichdagi holatini shaxsiy kabineti orqali kuzatib borishi mumkin.

 

Tanlov shartlari bilan ssvstipendiya.uz sayti orqali tanishish va ariza topshirish mumkin.

 

Ma’lumot uchun, stipendiya miqdori bakalavriat talabalari uchun har oy amaldagi BHMning 3 baravari, magistratura talabalari uchun esa 4 baravari etib belgilangan. Stipendiya, qoida tariqasida, har oyning 10-sanasiga qadar stipendiatning bank plastik kartasiga o‘tkaziladi.