Administratsiya rahbariga ta’limni isloh qilish bo‘yicha yangi o‘rinbosar tayinlandi

Administratsiya rahbariga ta’limni isloh qilish bo‘yicha yangi o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Obid Arzikulovich Xakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

 

Bungacha ushbu lavozimda Ilxom Siradjev ishlab kelayotgan edi. U joriy yilning 16-fevral kuni ushbu lavozimga tayinlangan edi.

 

Shuningdek, Obid Xakimov o‘rindoshlik asosida “Yangi O‘zbekiston” universiteti rektori lavozimiga ham tayinlandi.

 

Shu munosabat bilan u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

 

Ilxom Toxirovich Siradjev esa Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi.

 

Ma’lumot uchun, Obid Arzikulovich Xakimov 1977-yilda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan.

 

1998-yilda Toshkent moliya institutining “Korxonalar moliyasi” yo‘nalishini tamomlagan. 2000-yilda AQShdagi Vanderbilt universitetida, 2006-yilda esa Middle Tennessee State Universityda tahsil olgan.

 

2009-yilda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida (WIUT) o‘qituvchi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 2010–2012-yillarda universitetning iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlagan.

 

2012–2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori bo‘lgan.

 

2017–2018-yillarda Prezident devonining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.

 

2018-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan.

 

Obid Xakimov iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega. Ingliz va rus tillarini biladi.