Bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Senat tomonidan ma’qullandi

Bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Senat tomonidan ma’qullandi

Oliy Majlis Senati bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish va ularga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazoni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonunni maʼqulladi.

 

2-oktabr kuni boʻlib Oliy majlis Senatida boʻlib oʻtgan yalpi majlisda “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni koʻrib chiqildi.

 

4 yilda bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holati yuzasidan 445 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

 

Maʼlum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi, yaʼni 14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish boʻyicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (14 yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) boʻyicha esa 2022-yilda 144 ta, 2023-yilda 163 ta, 2024-yilda 170 ta va 2025-yilda 116 ta jinoyat ishi qayd etilgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik boʻyicha murojaatlar soni 2023-yildagi 56 tadan 2025-yilda 141 taga yetgan.

 

“Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida va Toshkent viloyatida sodir boʻlgan shov-shuvli va mudhish voqealar bolalarni jinsiy zoʻravonlikdan himoya qilishda jazoning muqarrarligi va qatʼiyligini taʼminlash zarurligini yana bir bor isbotladi. Bolaning oʻzini himoya qila olmasligi va ojizligi davlat va jamiyatning uni muhofaza qilish majburiyatini yanada oshiradi”, — dedi senator Abdulxakim Eshmurodov.

 

Zoʻravonlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etiladi

 

Ushbu qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodekslariga hamda bir qator sohaviy qonun hujjatlariga muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, quyidagi tizimli muammolarga prinsipial yechimlar taklif etilmoqda.

 

Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25-yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

 

Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining oʻtib ketganligi qoʻllanilmaydi.

 

Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.

 

Shuningdek, jinsiy zoʻravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh boʻlgan bolalarga davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam koʻrsatish tizimi joriy etilmoqda.

 

Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan voyaga yetmaganlarni soʻroq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni boʻlgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib boʻyicha oʻtkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida oʻtkazish belgilanmoqda.

 

Agar zoʻravonlik oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qoʻyilmoqda.

Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan taʼlim tashkiloti xodimlariga bolalar bilan ishlashiga cheklov qoʻyiladi

Mehnat kodeksiga ham oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, taʼlim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga taʼlim berish borasidagi majburiyatlar oʻz zimmasiga yuklatilgan taʼlim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos boʻladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qoʻyiladi.

 

Ota-onalar uchun ham javobgarlik belgilanmoqda

 

Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

 

Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zoʻravonlikka uchrashdan qoʻrqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning soʻroviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etilmoqda.

 

“Bu oilaviy nizolarning yanada avj olishi va qayta zoʻravonlik sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi”, — dedi senator.

 

Kiritilayotgan boshqa oʻzgarishlar

 

Bolani parvarish qilish boʻyicha majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijrosiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

 

Insonparvarlik tamoyillari asosida voyaga yetmaganlarga nisbatan “maxsus oʻquv-tarbiya muassasasiga joylashtirish” tarzidagi majburlov chorasi tugatilib, uning oʻrniga muqobil majburlov choralari (taʼlim, tarbiya, ijtimoiy xizmat tashkilotiga joylashtirish, ogohlantirish bilan nazorat ostiga berish) joriy etilmoqda.

 

Voyaga yetmagan shaxsga qasddan ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish ogʻirlashtiruvchi holat sifatida hisobga olinishi taklif qilinmoqda.

 

Xuddi shunday yondashuvni 16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan uyatsiz-hayosiz harakatlarga nisbatan ham qoʻllash taklif etilmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.