Magistr xotin-qizlar kontrakt to‘lovini davlat budjetidan qoplab berish boʻyicha ariza berish muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 447-son qaroriga muvofiq, magistraturaga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan va tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
2026-2027-o‘quv yili uchun talabalar tomonidan ariza berish muddati 2026-yil 10-oktyabrga qadar uzaytirildi.
Magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlar kontrakt to‘lovini Davlat budjetidan qoplab berish uchun arizani kontrakt.edu.uz platformasi orqali yuborishlari mumkin.
Avvalroq, birinchi kurs talabalari uchun kontraktning dastlabki 25 foizini to’lash muddati ham uzaytirilgan edi.
