“Muntazamlik natija kalitidir” — maksimal ball bilan grantga kirgan talaba tajribasini soʻzlab berdi

“Muntazamlik natija kalitidir” — maksimal ball bilan grantga kirgan talaba tajribasini soʻzlab berdi

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi maktabning 11-sinf oʻquvchisi tegishli 4 ta fandan sertifikat olib, maktab partasidayoq talabalikni naqd qilgan.

 

Payariq tumanidagi 21-sunli umumiy oʻrta taʼlim maktabining bitiruvchi sinf oʻquvchisi Inomjon Nazarov matematika (A), ingliz tili (B2), tarix (B) va ona tili (B) sertifikatni qoʻlga kiritib, maksimal 189 ball bilan talabalikka tavsiya etildi.

 

Inomjon matematika fanidan milliy sertifikat imtihonida uchinchi urinishida A darajali sertifikatni qoʻlga kiritgan. U bu natijaga erishish uchun 3 yil davomida tayyorgarlik koʻrgan.
Uning aytishicha, dastlabki ikki urinishida B+ darajasidagi natijaga erishgan. Biroq bu natijaga qoniqmagan va oʻrganishda davom etgan.

 

“Birinchi va ikkinchi topshirishimda B+ darajasini qoʻlga kiritdim. Biroq bu natija meni toʻxtatib qoʻymadi. Kamchiliklarim ustida ishladim, yanada koʻproq mehnat qildim va uchinchi urinishda matematika fanidan A darajadagi milliy sertifikatni qoʻlga kiritdim. Bu natijaga erishish uchun 3-yil davomida muntazam tayyorgarlik koʻrdim”, — deydi oʻquvchi.

 

Inomjon Nazarov ingliz tilini 2-yil davomida oʻrganib, B2 darajadagi milliy sertifikat, majburiy fanlar ona tili va tarixdan 3 oy tayyorgarlik koʻrib, B darajadagi sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

Uning taʼkidlashicha, erishilgan natijalarda oilasi va ustozlarining qoʻllab-quvvatlashi ham muhim oʻrin tutgan.

 

“Bu yutuqlar ortida nafaqat mening, balki ota-onamning ham mehnati va fidoyiligi yotibdi. Ularning doimiy qoʻllab-quvvatlashi, ishonchi va sabri menga maqsadlarim sari dadil qadam tashlashga yordam berdi. Ustozlarimning bilim va maslahatlari ham muvaffaqiyatimda katta oʻrin tutadi”, — deydi u.

 

Inomjon tengqurlariga birinchi yoki ikkinchi urinishda kutilgan natijaga erisha olmasa, taslim boʻlmaslikni tavsiya qildi. Uning fikricha, maqsadga qatʼiyat, sabr va muntazam mehnat bilan erishish mumkin.

 

Inomjonning kelgusidagi oʻqish va ishlariga rivoj tilaymiz.

 

Avvalroq, 4 ta fandan milliy sertifikat olib, tanlagan yoʻnalishiga grant asosida qabul qilingan surxondaryolik qiz haqida xabar bergan edik.