“Mashgʻulotda qiynalgan, jangda yengadi” — maksimal ball bilan oʻqishga kirgan surxondaryolik qiz bilan suhbat

“Mashgʻulotda qiynalgan, jangda yengadi” — maksimal ball bilan oʻqishga kirgan surxondaryolik qiz bilan suhbat

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 45-umumiy oʻrta taʼlim maktabi bitiruvchisi tegishli barcha fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, tanlagan oliygohiga maksimal ball bilan oʻqishga kirdi.

 

Qiziriq tumanidagi 45-umumiy oʻrta taʼlim maktabining bitiruvchisi Chorshanbiyeva Dilnoza matematika (A), ingliz tili (B2), tarix (A) va ona tilidan (B+) sertifikatlarni qoʻlga kiritib, maksimal 189 ball bilan oʻqishga kirdi.

 

Dilnozaning soʻzlariga koʻra, u kichkinaligidan oʻzi qiziqqan fanlarni chuqurroq oʻrganishga harakat qilgan. Jumladan, har yili 2–3 ta fandan fan olimpiadalariga qatnashib kelgan.

 

Dilnoza sertifikat imtihonlari uchun tayyorgarlikni 10-sinfligidan boshlagan. U uchun eng qiyin va eng koʻp imtihon topshirgan fani bu — matematika. U matematikdan 3 marta sertifikat imtihoniga kirgan va B, B+ va nihoyat A natijaga erishgan.

 

“Mashgʻulotda qiynalgan, jangda yengadi” degan hikmatga amal qilib, fevral oyida barcha oʻrganganlarimni qayta takrorladim va nihoyat A natijani qoʻlga kiritdim. Shunda ilm ahlining “Takrorlash — bilimning onasi” degan naqli bejiz aytilmaganiga yana bir bor amin boʻldim», — deydi oʻquvchi qiz.

 

U qolgan barcha fanlardan esa birinchi urinishdayoq yuqori natijalarni qayd etgan. Jumladan, ingliz tilidan 5 oy davomida tayyorlanib, B2 sertifikatini qoʻlga kiritgan.

 

Dilnoza bir kunda 9-10 soatlab dars qilganini eslab oʻtib, baʼzida kuchli charchoq taʼsirida darslardan bezor boʻlib qolganini soʻzlab berdi.

 

“Dars qilishdan charchagan va tushkunlikka tushgan vaqtlarimda kelajakda egallamoqchi boʻlgan kasbim uchun doim harakat qilishim kerakligini oʻzimga uqtirardim. Shuningdek, eng katta motivatsiyam ota-onam hamda maktabimdagi ustozlarim edi. Ularning menga boʻlgan ishonchini oqlash va yaratib berayotgan imkoniyatlariga munosib natija koʻrsatish masʼuliyati menga har doim yangi kuch va gʻayrat bagʻishlardi”, — deydi Dilnoza.

 

Dilnozaning kelgusidagi oʻqish va ishlariga rivoj va muvaffaqiyat tilaymiz.