O‘zbekistonning kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilari Kuvaytdagi “Courtyard by Marriott” mehmonxonasida amaliyot o‘tashi va keyinchalik ishga joylashishi mumkin. Nomzodlarni tanlashda turizm va texnik mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlik hamda ingliz tilini bilish darajasiga e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston va Kuvaytning “Courtyard by Marriott” mehmonxonasi vakillari o‘rtasida o‘zbekistonlik talabalar va bitiruvchilarning mehmonxona sohasida amaliyot o‘tashi hamda keyinchalik ishga joylashishi bo‘yicha onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Kuvaytdagi elchixonasi, Migratsiya agentligi va Kasb-hunar ta’limi agentligi mutaxassislari hamda “Marriott International” xalqaro mehmonxonalar tarmog‘iga kiruvchi “Courtyard by Marriott” vakili ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistonning kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilarini mehmonxonada amaliyotga jalb qilish va keyinchalik ishga joylashtirish istiqbollarini muhokama qildi.
Mehmonxona vakilining ma’lum qilishicha, nomzodlarni tanlashda turizm va texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik hamda ingliz tilini bilish darajasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ishga qabul qilingan xodimlarni turar joy, uch mahal ovqat, transport va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Mehnat shartnomalarini bir yil muddatga tuzish ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini tayyorlashga kelishib oldi. Mehmonxona bo‘sh ish o‘rinlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va mehnatga haq to‘lash shartlari haqida ma’lumot taqdim etadi. Shundan so‘ng Migratsiya agentligi ish izlovchilarni dastlabki saralashdan o‘tkazadi.
Uchrashuv yakunida memorandum loyihasini tayyorlash va kelishish, bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini aniqlashtirish hamda keyinchalik nomzodlarni tanlashni boshlash bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qizlar tezroq ish topmoqda, yigitlar esa ko‘proq maosh olayotganligi haqida xabar bergan edik.
