Qizlar tezroq ish topmoqda, yigitlar esa ko‘proq maosh olmoqda — tahlil

Qizlar tezroq ish topmoqda, yigitlar esa ko‘proq maosh olmoqda — tahlil

Bitiruvchilar sifati indeksi natijalarida bitiruvchilarning mehnat bozoridagi ko‘rsatkichlari jinslar kesimida ham tahlil qilingan. Unga ko‘ra, qizlarning bandlik darajasi va ishga joylashish tezligi yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, yigitlarning o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichi yuqori qayd etilgan.

 

Xabaringiz bor, Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI) natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida indeks natijalarini aks ettiruvchi platforma taqdim etilgan edi. Mazkur platformada bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari, jumladan, bandligi, ishga joylashish muddati va o‘rtacha ish haqi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan.

 

Tahlilda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi ko‘rsatkichlari jinslar kesimida ham o‘rganilgan.

 

Unga ko‘ra, qizlarning bandlik darajasi 85,1 foizni, yigitlarniki esa 80,4 foizni tashkil etgan. Qizlar o‘rtacha 2 oyda, erkaklar esa 3 oyda ishga joylashgan.

 

O‘rtacha ish haqi bo‘yicha esa aksincha, yigitlarda yuqoriroq ko‘rsatkich qayd etilgan. Ularning o‘rtacha ish haqi 6 mln so‘mni, qizlarniki esa 3,9 mln so‘mni tashkil qilgan.

 

Mehnat bozoridagi natijalar yuqori bo‘lgan TOP-5 sohalar ham bitiruvchilarning jinsi kesimida alohida ko‘rsatilgan.

 

Qizlarda:

 

— transport xizmatlari;
— matematika va statistika;
— ta’lim;
— biznes va boshqaruv;
— gumanitar fanlar.

 

Yigitlarda esa:

 

— biznes va boshqaruv;
— sog‘liqni saqlash;
— san’at;
— matematika va statistika;
— axborot-kommunikatsiya texnologiyalari.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu ‘‘Bitiruvchi sifati indeksi” natijalariga ko‘ra, bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi eng yuqori bo‘lgan oliygohlar haqida xabar bergan edik. Bundan tashqari, qaysi yo‘nalish bitiruvchilari eng ko‘p maosh olayotganligi ham ma’lum bo‘lgan.