Bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi eng yuqori bo‘lgan oliygohlar ma’lum qilindi

Bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi eng yuqori bo‘lgan oliygohlar ma’lum qilindi

Bitiruvchilarning 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrdagi o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan. Daromad ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlari orasida Toshkentdagi Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali, Inha universiteti va Toshkent xalqaro Vestminster universiteti yetakchilik qilgan.

 

Bugun, 26-avgust kuni Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan “Bitiruvchi sifati indeksi” natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

 

Unda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari, jumladan, ularning ishga joylashishi va rasmiy daromadlari bo‘yicha tahlil natijalari taqdim etildi.

 

Matbuot anjumani davomida “Bitiruvchilar sifati indeksi” natijalarini aks ettiruvchi platformaning taqdimoti ham o‘tkazildi.

 

Ma’lum qilinishicha, 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrda bitiruvchilarning respublika miqyosidagi o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan.

 

Ta’lim yo‘nalishlari kesimida bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lgan:

 

— ijod (sport) yo‘nalishlari — 6,33 mln so‘m;

 

— amaliy fanlar — 5,5 mln so‘m;

 

— ijtimoiy-gumanitar fanlar — 4,61 mln so‘m;

 

— tibbiyot fanlari — 4,43 mln so‘m.

 

Bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi eng yuqori bo‘lgan oliygohlar ma’lum qilindi
Infografika: Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi

 

Bitiruvchilarning o‘rtacha rasmiy daromadi eng yuqori bo‘lgan ta’lim tashkilotlari quyidagilar:

 

  • Toshkent shahridagi “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali — 23,4 mln so‘m;
  • Toshkent shahridagi Inha universiteti — 12,6 mln so‘m;
  • Toshkent xalqaro Vestminster universiteti — 12,5 mln so‘m;
  • Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — 10,6 mln so‘m;
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 10,3 mln so‘m;
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 9,4 mln so‘m;
  • Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti — 9,3 mln so‘m;
  • G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali — 9 mln so‘m;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti — 8,4 mln so‘m;
  • Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti — 8,1 mln so‘m.

 

Bunda bitiruvchilarning rasmiy qayd etilgan daromadlari hisobga olingan. Indeksni hisoblashda bitiruvchining daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi o‘rtacha ish haqi bilan solishtirilgan.

 

Shuningdek, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, “Bitiruvchilar sifati indeksi”ni joriy etishdan asosiy maqsad abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasini tanlashda ishonchli va obyektiv mezon taqdim etishdan iborat.

 

Uning qayd etishicha, abituriyentlar oliygoh tanlashda nafaqat ta’lim jarayoniga, balki mazkur oliygoh bitiruvchilarining mehnat bozoridagi real natijalariga ham e’tibor qaratishi mumkin.

 

“Abituriyent endi oliygoh haqida qaror qabul qilayotganda nafaqat ta’lim jarayoniga, balki shu oliygoh bitiruvchilarining mehnat bozoridagi real natijalariga ham e’tibor qaratishi mumkin. Shu ma’noda, BSI kelgusida oliygoh tanlashda abituriyentlar uchun muhim yo‘lboshchi va indikator bo‘lib xizmat qilishi kerak”, — dedi Baxtiyor Yo‘ldoshev.

 

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2026-yilgi oliy ta’limga kirish natijalari bo‘yicha maktab bitiruvchilarining ko‘rsatkichlarini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, bitiruvchilarning test sinovlaridagi o‘rtacha bali 2025-yildagi 80,9 balldan 92,5 ballga oshgan. Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy viloyatida qayd etilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish