Qozog‘istonda joriy yil 24-sentyabr kuni o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida Kaspiy dengiziga oqib ketgan 14 nafar harbiy halok bo‘ldi. Hodisa yuzasidan besh nafar mas’ul shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida harbiy o‘quv mashg‘uloti vaqtida 14 nafar harbiy halok bo‘ldi. Voqea kecha, 24-sentyabr kuni Kaspiy dengizi sohilida Qozog‘iston Qurolli Kuchlari Harbiy-dengiz kuchlarining “Xazar Qorg‘oni — 2026” mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergan. O‘quv-jangovar vazifani bajarish chog‘ida ob-havoning keskin yomonlashuvi va shamolning kuchayishi oqibatida harbiy xizmatchilar dengizga oqizib ketilgan.
Dastlab dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi tushib ketgani haqida xabar berilgan. Keyinchalik Mang‘istov viloyati hokimligi ma’lumotni aniqlashtirib, dengizga oqizib ketilganlar soni 17 nafar bo‘lganini ma’lum qilgan. Ulardan uch nafari qutqarilgan, biri shifoxonaga yotqizilgan. Qurbonlar soni 12 nafarni tashkil etgan, yana ikki nafari bedarak yo‘qolgan.
Bugun, 25-sentyabr kuni ertalab qidiruv-qutqaruv ishlari davomida bedarak yo‘qolgan yana ikki harbiyning jasadi topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar 19 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan. Shu bilan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar soni 14 nafarga yetib, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi esa yakunlangan.

Hozirda omon qolgan harbiy xizmatchilardan biri shifoxonada davolanmoqda. Shifokorlar uning holatini barqaror deb baholagan.
Besh nafar mansabdor shaxs qo‘lga olindi
Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi yuzasidan Qozog‘iston Bosh prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov doirasida hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash, mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazishda qabul qilingan qarorlar, xavfsizlik talablari, ob-havo sharoitlarining hisobga olingani hamda katerning texnik holati o‘rganilmoqda.
25-sentyabr kuni harbiy xizmatchilarning o‘limi bilan bog‘liq ish doirasida Mudofaa vazirligi tizimining besh nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingani ma’lum qilindi.
Ular xizmatga loqayd munosabatda bo‘lish va og‘ir oqibatlarga olib kelgan kemachilik qoidalarini buzishda gumon qilinmoqda. Qo‘lga olinganlar orasida:
- Qozog‘iston Qurolli Kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari Bosh qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari — shtab boshlig‘i;
- ikki harbiy qism komandiri;
- dengiz piyodalari rotasi komandiri;
- kater komandiri bor.
Ularning barchasi gumonlanuvchi deb topilgan va Aqtov shahri politsiya boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.
Tergovda 24-sentyabr kuni Aqtov shahridan 43 kilometr uzoqlikdagi Kaspiy dengizi sohilida harbiy xizmatchilar “Qaysar” («Қайсар») kateridan tushirilayotgan paytda noqulay meteorologik sharoit sabab dengizga oqizib ketilgani aniqlangan.


Hozirda tergovchilar o‘quv-jangovar vazifani tashkil etish va bajarish chog‘ida qarorlar qanday qabul qilingani, xavfsizlik talablari bajarilgani, gidrometeorologik sharoit hisobga olingani, katerning texnik holati hamda mashg‘ulotlar va harbiy xizmatchilar xavfsizligiga mas’ul mansabdorlarning harakatlarini o‘rganmoqda. Gumonlanuvchilarning harakatlariga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.
Hukumat komissiyasi tuzildi
Voqea sabablarini o‘rganish uchun Bosh vazir Oljas Bektenov topshirig‘iga ko‘ra Hukumat komissiyasi tuzilgan. Unga Bosh vazir o‘rinbosari Kanat Bozumbayev rahbarlik qilmoqda.
Komissiyaning asosiy vazifasi hodisaning barcha sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat. Qidiruv-qutqaruv ishlari hamda tergov jarayoni tegishli davlat organlari nazoratida olib borilmoqda.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash va marhumlarning oilalariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni topshirgan.
Harbiy-dengiz kuchlarining “Xazar Qorg‘oni — 2026” («Хазар Қорғаны — 2026») mashg‘ulotlari joriy yil 22-sentyabr kuni Qozog‘istonning Kaspiy dengizidagi hududida boshlangan. Unda 500 nafardan ortiq harbiy xizmatchi, Harbiy-dengiz kuchlarining kemalari va katerlari, gidrografik kemalar, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmatining Sohil qo‘riqlash bo‘linmalari hamda Havo mudofaasi kuchlari aviatsiyasi ishtirok etgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdardlik yo‘lladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kaspiy dengizi hududidagi mashg‘ulotlar paytida sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ha Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik tiladi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan 2026-yil 25-sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasida umummilliy motam kuni deb belgilandi. Motam kuni munosabati bilan mamlakat bo‘ylab davlat bayroqlari tushirilgan, ommaviy madaniy tadbirlar bekor qilingan.
