Kamida 5 yil korxonada ishlagan xodimlar farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi

Kamida 5 yil korxonada ishlagan xodimlar farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi

Kamida besh yil bir korxonada mehnat qilgan xodimlarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovi qoplab beriladi. Bu haqda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

 

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

 

Unda ko‘p ish o‘rni yaratadigan sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi rag‘batlantirish choralari belgilandi.

 

Xususan, kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarning xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish hamda ish joyiga olib kelish va olib ketishdagi transport xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

 

Bunday korxonalarda kamida besh yil ishlagan xodimlarga farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi.

 

Shuningdek, ish o‘rinlari soni 1 ming nafarga yaqinlashayotgan korxonalar uchun ham alohida grantlar ajratiladi. Shu yo‘nalishda Andijon viloyatining o‘ziga 20 million dollar mablag‘ beriladi.

 

Mutasaddilarga bir oyda ko‘p ish o‘rni yaratadigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

 

Avvalroq, Prezident Andijondagi “Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi faoliyati bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.