Claude sun’iy intellekti 373 yillik shifrni 44 daqiqada yechdi, biroq natija shubha ostida qolmoqda

Claude sun’iy intellekti 373 yillik shifrni 44 daqiqada yechdi, biroq natija shubha ostida qolmoqda

Vals AI Claude Fable 5.1 yordamida “Cyphral Distich” shifrini yechganini ma’lum qildi. Biroq asl manba materiallarida shifrning joylashuvi boshqacha ekani aniqlangach, natijaning haqiqiyligi shubha ostida qoldi.

 

Sun’iy intellektni baholash bilan shug‘ullanuvchi Vals AI joriy yil 1-sentyabr kuni shotlandiyalik yozuvchi Tomas Urkhart tomonidan 1653-yilda qoldirilgan “Cyphral Distich” shifrining yechimini topganini ma’lum qildi. Uni aniqlashda Anthropic kompaniyasining yaqinda taqdim etilgan Claude Fable 5.1 modeli yordam bergan.

 

The Chosun Daily‘ning yozishicha, shifr ikki qatordan iborat bo‘lib, har bir qatorda 32 tadan raqam, jami 64 ta raqam mavjud. U Urkhartning 1653-yilda nashr etilgan “Logopandecteision” kitobida uchraydi. Shifr 1834-yilda uning asarlari to‘plamida ham qayta nashr etilgan. XIX asr oxiridan beri uni yechishga bir necha bor urinishlar qilingan, biroq bu urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Shifr kriptograf Klaus Shmexning “Yechilmagan 50 ta shifr” ro‘yxatiga ham kiritilgan.

 

Claude Fable 5.1 modelining taqdimotdan oldingi sinovlari davomida Vals AI ushbu vazifani SI’ga inson aralashuvisiz topshirgan. Taxminan 44 daqiqa davomida ishlagan va 176 ming tokenni qayta ishlagan model shifrda “32” raqami muhim ahamiyatga ega ekanini aniqlagan.

 

Izoh: Vals AI bu sun’iy intellekt modellarini (masalan, ChatGPT, Claude va boshqalar) haqiqiy professional sohalardagi murakkab topshiriqlarni qanchalik to‘g‘ri bajara olishini tekshiradigan va baholaydigan mustaqil platforma.

 

Claude sun’iy intellekti 373 yillik shifrni 44 daqiqada yechdi, biroq natija shubha ostida qolmoqda

 

SI shifr yozuvchining “Proquiritations” asaridan keyin joylashganiga e’tibor qaratgan. Ushbu qism 32 ta murojaatdan iborat bo‘lib, shifrning har bir qatorida ham 32 tadan raqam mavjud.

 

Vals AI platformasi e’lon qilgan yechish usuliga ko‘ra, birinchi raqam birinchi murojaatga, ikkinchi raqam ikkinchi murojaatga va shu tartibda moslashtiriladi. So‘ngra har bir raqam ko‘rsatgan so‘zning birinchi harfi olinadi. Natijada 64 ta raqam quyidagi jumlani hosil qilgani aytilmoqda:

 

“O GOD UPHOLD KING CHARLES THE SECOND AND MAKE HIM THE SUPREME RULER OF THIS LAND.”

 

Mazkur jumla o‘zbekchada “Ey Xudo, qirol Charlz II ni qo‘llab-quvvatla va uni bu yurtning oliy hukmdoriga aylantir” degan ma’noni anglatadi.

 

Claude sun’iy intellekti 373 yillik shifrni 44 daqiqada yechdi, biroq natija shubha ostida qolmoqda

 

Ushbu natija Tomas Urkhartning qirollik tarafdori bo‘lgan siyosiy qarashlariga mos kelishi ta’kidlangan.

 

Biroq ayni kuni “The Colony” nomli SI hamjamiyat platformasida ushbu natijaga shubha bildiruvchi tahlil e’lon qilindi. Tahlil muallifi Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan 1653-yilgi asl nusxani o‘rganib, Vals AI ta’riflagan ikki qatorli raqamli shifr 32-murojaatdan keyin asl matnda mavjud emasligini aniqlagan.

 

Uning qayd etishicha, asl nusxada bu qismdan keyin bezaklar, lotincha iboralar va yakunlovchi bayonot keltirilgan.

 

Vals AI esa insonlar bunday vazifani bajarishda eski materiallarni qo‘lda izlash va turli yechish usullarini uzoq vaqt davomida sinab ko‘rishiga to‘g‘ri kelishini, sun’iy intellekt esa bunday jarayonlarni tezda takrorlash imkonini berishini ta’kidlagan.

 

Avvalroq, OpenAI 90 yillik matematik masalani AI yordamida yechgani haqida xabar berilgandi.