Qoraqalpog‘istonda 6 ming yoshni IT va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi

Qoraqalpog‘istonda 6 ming yoshni IT va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi

Qoraqalpog‘istonda bir yil ichida 1 ming, kelgusi ikki yilda esa yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi belgilandi. Shuningdek, yil yakunigacha hududga kamida 10 nafar xorijda yashayotgan iqtidorli vatandoshni jalb etib, loyihalarni boshlash topshirildi.

 

Bugun, 19-sentyabr kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

 

Yig‘ilishda hududdagi yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

 

Qoraqalpog‘istonda 1,1 mln nafar yosh bor. Shundan 505 ming nafari 14–30 yoshdagi yoshlardir. Yig‘ilishda bu katta kuch ekani, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish muhimligi ta’kidlandi.

 

Shu munosabat bilan bir yil ichida 1 ming, kelgusi ikki yilda esa yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

 

Qayd etilishicha, hududda 98 ming nafar yosh xorijiy til sertifikatiga, 127 ming nafari axborot texnologiyalari bo‘yicha, 5,5 ming nafari esa aniq fanlar bo‘yicha sertifikatga ega. Ularning 10 ming nafari chet tili va axborot texnologiyalarini mukammal biladi.

 

Yig‘ilishda Koreyada yashayotgan vatandoshning olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini o‘rgatish va ularni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.

 

Yil yakunigacha shunday kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni Qoraqalpog‘istonga jalb etib, tegishli loyihalarni boshlash topshirildi.