O‘zbekiston OTMlarida talabalar davomatini va xavfsizligini nazorat qiluvchi yagona tizim joriy etiladi

O‘zbekiston OTMlarida talabalar davomatini va xavfsizligini nazorat qiluvchi yagona tizim joriy etiladi

Talabalar shaharchasida davomat, oliygoh va yotoqxonalarga kirish-chiqish, huquqbuzarliklar, bandlik hamda kontrakt muammolarini qamrab oluvchi yagona platforma sinovdan o‘tkazilmoqda. Tizim 2027-yilda barcha OTMlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.

 

O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar shaharchalarini boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yagona tizim joriy etiladi. Bu haqda 11-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

 

Talabalar shaharchasini boshqarishning yangi modeli

 

Prezident video selektrida ma’lum qilinishicha, Olmazor tumanida 75 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Yettita oliy ta’lim muassasasiga qarashli 41 ta talabalar turar joyida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qiladi.

 

Talabalarning yashash sharoitlarini boshqarish, yotoqxonalar atrofini obodonlashtirish, yashil hududlar va buk-kafelarni rivojlantirish hamda madaniy tadbirlarni tashkil etish uchun alohida direksiya tuziladi.

 

Shuningdek, “Yoshlik” shaharchasida talabalarning ta’lim-tarbiyasi, bandligi, ijtimoiy ta’minoti va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha alohida mas’ullar faoliyat yuritadi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida talabalar shaharchasini boshqarishning yangi modeli taqdim etilganini ma’lum qildi.

 

“Hozir har bir oliy ta’lim muassasasida xizmatlar va boshqaruv turlicha tashkil etilgan. Bu esa ortiqcha mehnat va xarajatlarga olib kelmoqda. Shuning uchun bu yerda yagona direksiya tashkil etib, xorijiy, jumladan, Yevropa universitetlari tajribasi asosida “aqlli” boshqaruv tizimini joriy etish zarur”, — dedi vazir.

 

“Aqlli” kameralar va yagona platforma

 

Yangi tizimning asosiy vazifalaridan biri talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat.

 

“Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz talabalar shaharchasi” situatsion markazlari orqali hududdagi xavfsizlikni nazorat qilish, shuningdek, huquqbuzarliklarni aniqlash imkonini beruvchi tizim yaratiladi.

 

“Talabalar shaharchasida jinoyatchilikni kamaytirish maqsadida “aqlli” kameralar o‘rnatiladi va hududdagi har qanday huquqbuzarlikni nazorat qilish imkonini beruvchi tizim yaratiladi”, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

 

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, talabalar shaharchasida tashkil etilgan situatsion markaz oliy ta’lim muassasalari va yotoqxonalarga kirish-chiqishni va talabalar davomatini onlayn rejimda nazorat qilish imkonini beradi.

 

Loyihaning birinchi bosqichida Talabalar shaharchasidagi to‘rtta universitet qamrab olinadi.

 

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ta’kidlashicha, talabalar jinoyatchiligi, darslarga qatnashish, kontrakt to‘lovlari bilan bog‘liq muammolar, talabalarni ishga joylashtirish va ularning bandligi haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona platforma yaratilmoqda.

 

“Prezident loyihani ma’qulladi. Kelgusida ushbu platformani barcha oliy ta’lim muassasalarini qamrab oladigan yagona tizimga aylantirish rejalashtirilmoqda”, — dedi vazir.

 

Tizim qachon joriy etiladi?

 

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tizimni yil oxirigacha Toshkentning boshqa tumanlarida, 2027-yilda esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etish topshirilgan.

 

Ma’lumot uchun, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi 202 ta oliy ta’lim muassasasining kunduzgi ta’lim shaklida 741,5 ming nafar talaba tahsil olgan. Ularning 146 ming nafari talabalar turar joylarida, 152 ming nafardan ortig‘i esa ijara uylarida yashagan.