Talabalar orasida 500 mln so‘mgacha mukofot beriladigan tanlov o‘tkaziladi

Talabalar orasida 500 mln so‘mgacha mukofot beriladigan tanlov o‘tkaziladi

Davlat OTMlarining iqtidorli talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Eng innovatsion g‘oya” tanlovida g‘oliblarga 50 million so‘mdan 500 million so‘mgacha grant va moliyaviy mablag‘lar ajratiladi. Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, talabgorlar o‘z innovatsion g‘oyalari bilan ishtirok etishi mumkin.

 

Hukumatning 2026-yil 4-sentyabrdagi 463-son qarori bilan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining iqtidorli talabalari o‘rtasida “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Unda startap loyihaga aylantirish imkoniyati yuqori bo‘lgan innovatsion g‘oyalar saralanib, ularni amalga oshirish uchun grant mablag‘lari ajratiladi.

 

Tanlov har yili sentyabr–dekabr oylarida ikki bosqichda o‘tkaziladi.

 

Tanlov qanday o‘tkaziladi?

 

Birinchi bosqich barcha davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘z talabalari o‘rtasida tashkil etiladi. Respublika bosqichi esa Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi.

 

Ta’lim tashkilotlari har yili 10-sentyabr kuni tanlovning birinchi bosqichiga arizalar qabuli boshlanganini e’lon qiladi. Talabgorlar 10-oktyabrga qadar saralash komissiyasiga ariza topshiradi. Har bir ishtirokchi tanlovda faqat bitta innovatsion g‘oya bilan qatnashishi mumkin.

 

Innovatsion g‘oyalar saralash va tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan 100 ballik tizimda quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

 

  • g‘oyaning ilmiy va innovatsion yangiligi — 20 ballgacha;
  • g‘oyaning dolzarbligi — 20 ballgacha;
  • mavjud analoglardan farqi — 20 ballgacha;
  • xarajatlar smetasining asoslanganligi — 20 ballgacha;
  • g‘oyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar — 20 ballgacha.

 

G‘oliblarga qancha mablag‘ beriladi?

 

Tanlovning birinchi bosqichi g‘oliblari quyidagi miqdorda grant bilan taqdirlanadi:

 

  • 1-o‘rin — 50 mln so‘m;
  • 2-o‘rin — 30 mln so‘m;
  • 3-o‘rin — 20 mln so‘m.

 

Respublika bosqichida g‘olib deb topilgan innovatsion g‘oyalar Agentlik, talabgor va tashkilot o‘rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq quyidagi miqdorda moliyalashtiriladi:

 

  • 1-o‘rin — 500 mln so‘m;
  • 2-o‘rin — 300 mln so‘m;
  • 3-o‘rin — 200 mln so‘m.

 

Avvalroq, Toshkent davlat yuridik universitetida 25 ta vakant lavozim uchun tanlov e’lon qilingani haqida xabar berilgandi.