Farzandini maktabga yubormagan ota-onalar jarimaga tortiladi

Farzandini maktabga yubormagan ota-onalar jarimaga tortiladi

O‘zbekistonda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan farzandlarining ta’lim olishini ta’minlashi, ularning o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishini nazorat qilishi shart. Bu majburiyatlar bajarilmasa, qonunchilikda ma’muriy javobgarlik belgilangan.

 

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 47-moddasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi, shuningdek bolaning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.

 

Agar ayni huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha oshadi.

 

Bundan tashqari, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bolaning majburiy umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi olishiga to‘sqinlik qilishi uchun yanada yuqori javobgarlik belgilangan. Bunday holatda BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

 

Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, ota-onaga BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solinishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin.

 

Avvalroq ota-onalar bolani maktabga qanday tayyorlashi kerakligi haqida maqola e’lon qilgan edik.