Qaysi yo‘nalish bitiruvchilari eng ko‘p maosh olmoqda?    

Qaysi yo‘nalish bitiruvchilari eng ko‘p maosh olmoqda?    

Bitiruvchilar eng yuqori maosh oladigan ta’lim yo‘nalishi biznes va boshqaruv sohasi bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilarining o‘rtacha ish haqi 8,3 mln so‘mni tashkil etgan, eng past ko‘rsatkichlar esa biologiya, o‘rmon xo‘jaligi va veterinariya yo‘nalishlarida qayd etilgan.


Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan bitiruvchilari eng ko‘p maosh oladigan ta’lim yo‘nalishlari ma’lum qilindi. Agentlik ishlab chiqqan Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI)ning “Sohalar bo‘yicha o‘rtacha ish haqi” ko‘rsatkichiga ko‘ra, eng yuqori natija biznes va boshqaruv yo‘nalishida qayd etilgan bo‘lib, ish haqi taxminan 8,3 mln so‘mga to‘g‘ri kelgan.

 

Eng past ko‘rsatkichlar biologiya va turdosh fanlar, o‘rmon xo‘jaligi hamda veterinariya kabi yo‘nalishlarda qayd etilgan. Ularda o‘rtacha ish haqi 3–4 mln so‘m atrofida.

 

Eng yuqori va eng past o‘rtacha ish haqi o‘rtasidagi tafovut 4,3–5,3 mln so‘mni tashkil qiladi.

 

BSI ma’lumotlari 2025-yil 1-iyuldan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Ushbu davr bo‘yicha 170 ta oliygoh va 249 mingdan ortiq bitiruvchi haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Shundan 119 ta oliygoh reytingda ishtirok etgan. Yakuniy reytingga hisobot yilida 200 nafardan kam bitiruvchisi bo‘lgan oliygohlar kiritilmagan.

 

Platformadagi umumiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bitiruvchilarning o‘rtacha ish haqi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan. Sof bandlik darajasi 83 foiz, bitiruvdan keyingi birinchi ishga joylashishning o‘rtacha muddati esa 2 oy 27 kun bo‘lgan.

 

Amaliy fanlar bo‘yicha yuqori natijalarni Toshkent shahridagi Inha universiteti — 74,1 ball, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti — 72,4 ball, Olmaliq davlat texnika instituti — 69,1 ball va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 64,9 ball qayd etgan.

 

Ijtimoiy fanlar toifasida esa Toshkent shahridagi Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi — 76,2 ball, Osiyo xalqaro universiteti — 73,3 ball, Xalqaro Nordik universiteti — 72,1 ball va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 70,8 ball bilan yuqori natijalarni ko‘rsatgan.

 

Tibbiyot fanlari bo‘yicha Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali 73,9 ball, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti esa 64 ball olgan.

 

Ijod-sport fanlarida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi 81,5 ball bilan yuqori natijani qayd etgan.

 

Avvalroq, maktab bitiruvchilarining OTMga kirish ko’rsatkichlarini haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish