AQSh maktablarida oʻquvchilarga sunʼiy intellektning xatolarini aniqlash oʻrgatilmoqda

AQSh maktablarida oʻquvchilarga sunʼiy intellektning xatolarini aniqlash oʻrgatilmoqda

AQSh maktablarida sun’iy intellektga munosabat o‘zgarmoqda: uni taqiqlash o‘rniga o‘quvchilarga chatbotlarning xatolarini aniqlash, ma’lumotlarni tekshirish va texnologiyadan ongli foydalanish o‘rgatilmoqda. Iyul oyida 37 shtat maktablar uchun SI bo‘yicha rasmiy tavsiyalarni e’lon qilgan.

 

AQShdagi ayrim davlat maktablari sunʼiy intellektdan foydalanishni taqiqlash oʻrniga, oʻquvchilarga undan toʻgʻri foydalanish va uning xatolarini aniqlashni oʻrgatishga oʻtmoqda. Bu haqida Associated Press xabar berdi.

 

Janubiy Karolina shtatining Charleston shahrida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik doirasida oʻqituvchilar va maktab direktorlari ishtirokidagi seminarda sunʼiy intellektni dars jarayoniga joriy etish masalasi muhokama qilindi.

 

Seminar davomida oʻqituvchilardan biri sunʼiy intellektga “Dunyo xaritasini yarating” degan topshiriq berdi. Natija esa oʻqituvchilarning hayratiga sabab boʻldi: xaritada Mali “Mail”, Misr “Sopth” deb yozilgan, Liviya oʻrnida esa “Africa” nomi paydo boʻlgan. Yana oʻnlab davlatlarning nomlari notoʻgʻri yoki tushunarsiz shaklda koʻrsatilgan.

 

Mutaxassislar bunday misollar bilan oʻquvchilarga sunʼiy intellekt javoblariga koʻr-koʻrona ishonmaslikni oʻrgatishmoqda. Xususan, generativ SI baʼzan mavjud boʻlmagan maʼlumotlarni haqiqatdek taqdim qilishi mumkinligi tushuntirilmoqda.

 

Hozirda AQShning 37 shtati maktablar uchun sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha rasmiy tavsiyalar ishlab chiqqan.

 

Oʻquvchilarga, masalan, chatbotdan ilmiy ish tayyorlashda yordam soʻrash kabi holatlar koʻrsatiladi. Bunda SI mavjud boʻlmagan tadqiqotlar yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni ham ishonchli ohangda taqdim etishi mumkinligi tushuntiriladi. Oʻquvchilarga sunʼiy intellekt orqali olingan faktlarni, ayniqsa dars uchun foydalaniladigan maʼlumotlarni, doimo tekshirish tavsiya etiladi.

 

Shuningdek, oʻquvchilarga shaxsiy maʼlumotlarni SI vositalariga yubormaslik kerakligi ham oʻrgatiladi. Chunki suhbatlar saqlanishi, maʼlumotlarni oʻqitish uchun ishlatilishi yoki sizib chiqishi mumkin.

 

Mutaxassislar SI savodxonligi faqat “sunʼiy intellektdan foydalanmang” degan taqiqdan iborat emasligini taʼkidlamoqda. Asosiy maqsad — oʻquvchilarga texnologiya qanday ishlashini, undagi xatolar va tarafkashliklarni aniqlashni, maʼlumotlarni tekshirishni hamda SIʼdan qachon foydalanmaslik kerakligini oʻrgatish.

 

Taʼlim sohasi vakillari bu yondashuv orqali sunʼiy intellektning taʼlimga taʼsirini oldindan boshqarish va oʻquvchilarni SI keng qoʻllaniladigan kelajakdagi mehnat bozoriga tayyorlashni maqsad qilmoqda.

 

Avvalroq, AQShda avtomobil haydovchisi bir guruh talabalarni urib ketgani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish