Shvetsiyada sobiq o‘quvchi maktabiga qilich bilan hujum qilib, bir kishini o‘ldirdi

Shvetsiyada sobiq o‘quvchi maktabiga qilich bilan hujum qilib, bir kishini o‘ldirdi

Markaziy Shvetsiyadagi maktabda qilich bilan uyushtirilgan hujum oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lumotiga tayanib BBC xabar berdi.

 

Joriy yil 21-avgust kuni Shvetsiyaning Fagersta shahridagi Brinellskolan (Brinell maktabi)da qilich bilan qurollangan 18 yoshli hujumchi sabab maktabda bir kishi vafot etgan, kamida uch kishini yaralangan.

 

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, hujumdan so‘ng gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Politsiya maktabga kirganidan so‘ng bir kishining jasadi topilgan.

 

Vastmanland okrugi sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlar direktori Jonas Kederbergning axborot agentliklariga ma’lum qilishicha, 12 va 17 yoshli ikki o‘g‘il bola og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan. Keyinchalik yana bir kishi ham shifoxonaga yetkazilgan.

 

Hujum qilgan o‘quvchi nima sababdan bunday ishga qo‘l urgani hozircha noma’lum.

 

Shvetsiya politsiyasi Fagersta shahridagi maktabda “davom etayotgan, o‘lim bilan yakunlangan zo‘ravonlik holati” yuz berayotgani haqida xabar kelib tushgach, mahalliy vaqt bilan soat 14:00 dan biroz o‘tib voqea joyiga yetib kelgan.

 

Shvetsiyada sobiq o‘quvchi maktabiga qilich bilan hujum qilib, bir kishini o‘ldirdi

 

Hujumdan so‘ng hududdagi yana 8 ta maktabda xavfsizlik chorasi sifatida o‘quvchilar va xodimlarning binodan chiqishi cheklangan. Keyinchalik bu choralar bekor qilingan. Shuningdek, hujum ortidan Vestmanland viloyatida yuqori darajadagi xavfsizlik rejimi joriy etilgan.

 

Shvetsiya jamoat teleradiokompaniyasi xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi boshiga shlem kiygan bo‘lgan. Mahalliy OAV esa uning ushbu maktabning sobiq o‘quvchisi bo‘lganini ma’lum qilgan.

 

Davlat teleradiokompaniyasi SVT ma’lumotiga ko‘ra, aholisi qariyb 12 ming kishini tashkil etadigan markaziy Shvetsiyadagi shaharga tez yordam mashinalari, politsiya avtomobillari va politsiya vertolyoti yuborilgan.

 

Bosh vazir Ulf Kristersson Fagerstadagi “jiddiy hodisa” dan, ayniqsa u yozgi ta’tildan keyin sodir bo‘lganidan afsusda ekanini aytib, voqeadan jabrlanganlarning barchasiga hamdardlik bildirdi.

 

Biz hali bu harakat ortida nima turganini bilmaymiz, ammo politsiya juda jadal ish olib borayotganini bilamiz, — yozgan u X’dagi bayonotida.

 

Ma’lumot uchun, Brinell maktabi o‘quvchilari yozgi ta’tildan so‘ng yaqindagina darslarga qaytgan. Yangi o‘quv yili akademik bosqichga qarab 17–19-avgust kunlari boshlangan. Mazkur maktabda 16 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan qariyb 500 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.

 

Shvetsiyada sobiq o‘quvchi maktabiga qilich bilan hujum qilib, bir kishini o‘ldirdi

 

Adliya vaziri Gunnar Strommer hukumat vaziyatni yaqindan kuzatayotganini ma’lum qildi.

 

Politsiya voqea joyida va hodisa bo‘yicha juda jadal ish olib bormoqda. Hukumat politsiya bilan yaqin aloqada va vaziyat rivojini doimiy kuzatib bormoqda, — degan vazir.

 

Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustaf ham Shvetsiyadagi navbatdagi maktab hujumi haqidagi xabarni “dahshat va qayg‘u bilan” qabul qilganini bildirdi.

 

Bu Shvetsiyadagi ta’lim muassasalarida sodir bo‘lgan qator shov-shuvli hujumlarning eng so‘nggisidir.

 

Shvetsiya tarixidagi eng qonli ommaviy otishma 2025-yil fevral oyida Orebro shahridagi kattalar ta’lim markazida sodir bo‘lgan. 35 yoshli erkak 10 kishini o‘ldirgan. Politsiya hujumchi moliyaviy va ruhiy muammolari sabab o‘z joniga qasd qilishni istagani uchun hujum uyushtirganini bildirgan.

 

2022-yil mart oyida esa 18 yoshli o‘quvchi mamlakat janubidagi Malmyo shahridagi o‘rta maktabda ikki nafar o‘qituvchini pichoqlab o‘ldirgan.

 

Avvalroq, Tailandda 14 yoshli o‘quvchi o‘zi o‘qiydigan maktabda otishma sodir etgani hamda Filippindagi maktabda otishma sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish