Tailanddagi maktabda otishma sodir etgan o‘smir quroldan foydalanishni internetdan o‘rgangan

Tailanddagi maktabda otishma sodir etgan o‘smir quroldan foydalanishni internetdan o‘rgangan

Tailandda uyida va maktabda qurolli hujum uyushtirib, 8 kishini o‘ldirgan va keyinchalik o‘z joniga qasd qilgan 14 yoshli o‘smir quroldan foydalanishni ijtimoiy tarmoqlar orqali mustaqil o‘rgangan. Bu haqda mahalliy politsiya ma’lumotiga tayanib BBC nashri xabar berdi.

 

Xabaringiz bor, 2026-yil 7-avgust kuni Tailandning Bangkok shahrida joylashgan “Debsirin Nonthaburi” maktabida 14 yoshli o‘quvchi qurolli hujum uyushtirgani haqida xabar bergan edik. O‘quvchi sabab maktabda 5 nafar o‘qituvchi halok bo‘lgan, so‘ng o‘z joniga qasd qilgandi. Jumladan, 30 nafardan ortiq kishi jarohatlangan, ulardan to‘qqiz nafari og‘ir ahvolda edi.

 

Huquq-tartibot xodimlari gumonlanuvchining marhum o‘quvchini uyidan kompyuter jihozlari va boshqa buyumlarni olib chiqib, hodisaning sabablarini aniqlashga harakat qilayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Endi esa mazkur holat yuzasidan yangi tafsilotlar e’lon qilindi.

 

Rasmiylarning ta’kidlashicha, o‘smirning ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlik mazmunidagi kontentlarni ko‘rishi, o‘qishi bilan bog‘liq xavotirlari, oilaviy muammolari va do‘stlari bilan kelishmovchiliklari ham uning xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

 

Tailanddagi maktabda otishma sodir etgan o‘smir quroldan foydalanishni internetdan o‘rgangan

 

Mahalliy politsiyaning yuqori lavozimli xodimi Atthapol Anusit joriy yil 9-avgust kuni jurnalistlarga bergan ma’lumotida 14 yoshli o‘smirning hujumga nima sabab bo‘lganini aniqlash bo‘yicha tergov doirasida hozirgacha 17 nafar guvoh so‘roq qilinganini aytgan.

 

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, otishma vaqtida yaralangan 12 yoshli qiz ikki kundan so‘ng vafot etgan. Avvalroq sud-tibbiyot ekspertlari o‘q ovozlari “ancha aniq” bo‘lganini, ayrim o‘qlar jabrlanuvchilarning tanasidagi hayotiy muhim a’zolarga tekkanini bildirgan edi.

 

Politsiya to‘plagan dalillar orasida otishmada ishlatilgan qurol, o‘q gilzalari, o‘smirning mobil telefoni va uning maktabga olib borgan sumkasidan topilgan pichoq bor.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirning uyidagi kompyuterdan ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlik mazmunidagi kontentlarni ko‘rganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar aniqlangan.

 

Tailanddagi maktabda otishma sodir etgan o‘smir quroldan foydalanishni internetdan o‘rgangan

 

Biroq politsiya tergovi davomida o‘smir o‘q otish bo‘yicha mashq qilgani yoki maxsus o‘q otish maydonida tayyorgarlik ko‘rganiga oid dalillar aniqlanmaganini ma’lum qildi.

 

Shu bilan birga, o‘smir internet orqali buyurtma qilgan va maktabga olib kelgan BB qurolini uning o‘qituvchisi avvalroq olib qo‘ygan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, ota-onasi ajrashganidan so‘ng o‘smir 2 yoshidan boshlab bobosi va buvisi bilan yashagan.

 

O‘smirning ismini oshkor qilmagan onasi Reuters agentligiga o‘g‘lini “aqlli va quvnoq”, odatdagidek o‘zini tutadigan bola sifatida ta’riflagan. U o‘g‘lini oxirgi marta yaqinda bo‘lib o‘tgan maktab ta’tilida ko‘rganini aytgan.

 

Biz juda qattiq qayg‘udamiz, chunki hech kim bunday voqea sodir bo‘lishini o‘ylamagan edi, — degan u.

 

Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, o‘smirning otasi ham uning xatti-harakatlari uchun uzr so‘ragan.

 

Maktab o‘qituvchilaridan biri o‘smirni yaxshi baholarga o‘qigan namunali o‘quvchi sifatida ta’riflagan. Ta’lim sohasi vakillari esa uni kompyuter o‘yinlariga qiziqadigan bola sifatida tasvirlagan.

 

Tailanddagi maktabda otishma sodir etgan o‘smir quroldan foydalanishni internetdan o‘rgangan

 

Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakul avvalroq o‘smirning buvisi o‘qituvchi bo‘lgani va u bolaga nisbatan “qattiqqo‘l bo‘lgan bo‘lishi mumkin”ligini aytgan.

 

Halokatli otishma yuzasidan tergov davom etar ekan, qurbonlar xotirlanmoqda. Ayrimlar maktab oldiga gullar qo‘ymoqda.

 

Tailandda o‘quv yili davom etayotgan vaqtda mazkur vaziyat sabab “Debsirin Nonthaburi” maktabi 10–14-avgust kunlari maktab yopiq bo‘lishini bildirgan.

 

Avvalroq, Tailand Bosh vazirining hujum “yaxshi rejalashtirilgan” bo‘lganini bildirgani hamda otishmani keltirib chiqargan o‘quvchining yaqin do‘stidan olgan ma’lumotlarga ko‘ra o‘quvchi o‘qish bilan bog‘liq stressni boshdan kechirgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish