Yangi o‘quv yilidan respublikadagi yana 1 039 ta maktabda inklyuziv ta’lim sinflarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Natijada inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 3 249 taga, unda ta’lim olayotgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar soni esa 8,5 ming nafarga yetkaziladi.
Ayni paytda mamlakatdagi 2 610 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim sinflari faoliyat yuritmoqda. Ularda 6,8 ming nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bola ta’lim olmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qilindi.
Shuningdek, respublikadagi 1 778 ta maktabda bolalar uchun “to‘siqsiz muhit” yaratilgan. 1 171 dan ortiq maktabda esa korreksion xonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi o‘quv yilida inklyuziv ta’limni kengaytirish doirasida yana 1 039 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etish va qo‘shimcha 2 200 nafar bolani ushbu ta’lim shakliga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Maktabgacha ta’lim tizimida ham inklyuziv yondashuv kengaymoqda. Hozirda 248 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 519 ta inklyuziv guruh faoliyat yuritmoqda. Ularga 1 753 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bola jalb etilgan.
Shuningdek, uyda ta’lim olayotgan bolalarni umumiy ta’limga jalb etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
O‘rganishlar natijasida 2 290 nafar o‘quvchi umumiy sinflarda, 3 788 nafari esa inklyuziv ta’lim sinflarida o‘qish istagini bildirgan. Hozirgacha 1,5 ming nafar bola umumiy sinflarga qabul qilingan, 883 nafar bolani ta’limga jalb etish ishlari davom etmoqda.
Uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalar uchun faoliyat yuritayotgan “Mehrli maktab” tizimi orqali esa hozirgacha 31 209 nafar bolaga ta’lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 4-avgustdagi PQ–292-son qarori bilan alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan edi.
