“Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli va “Jadidlar izidan” tanlovlarining respublika bosqichi g‘oliblari hamda san’at yo‘nalishidagi respublika va xalqaro tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan maktab bitiruvchilariga OTMga kirishda imtiyoz beriladi. Ular kasbiy (ijodiy) imtihonlarda tegishli fandan maksimal ball olish imkoniyatiga ega.
Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag’batlantirish to’g’risida”gi 226-sonli qaroriga ko‘ra, musiqa, raqs, teatr, folklor, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlaridagi respublika tanlovlarida 1-o‘rin, xalqaro tanlovlarda esa 1–3-o‘rinlarni egallagan professional ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari hamda umumta’lim maktablari bitiruvchilariga mazkur imtiyoz beriladi.
Jumladan, “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli va “Jadidlar izidan” tanlovlarining respublika bosqichi g‘oliblari ham ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Imtiyoz oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi kasbiy (ijodiy) imtihonlarda qo‘llanadi. Bunda abituriyentga soha bo‘yicha eng yuqori ball belgilangan fandan maksimal ball beriladi.
Agar kasbiy (ijodiy) imtihonlarda eng yuqori ball bir nechta fandan belgilangan bo‘lsa, abituriyent imtiyozdan foydalanish uchun ushbu fanlardan birini tanlash huquqiga ega. Ayrim ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihon faqat bitta fandan o‘tkazilsa, abituriyentga shu fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.
Shuningdek, “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari OTMga kirish yoshiga yetmagan bo‘lsa, Bolalar musiqa va san’at maktablarida bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.
