Fargʻona viloyati Toshloq tumanidagi 10-sinf oʻquvchisi tegishli barcha fanlardan sertifikat olib, muddatidan bir yil oldin talabalikni naqd qildi.
Fargʻonalik 10-sinf oʻquvchisi Bahodirova Zarnigor kimyo (A), biologiya (A), ona tili (C+), tarix (B) va matematika (B) fanlaridan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin maksimal 189 ballni naqd qildi.
Zarnigorning soʻzlariga koʻra, u 8-sinfligidan boshlab tumanidagi xususiy maktablardan birida oʻqishni boshlagan va uyga faqat shanba va yakshanba kunlari kelib turgan. Ushbu maktabdagi talab va oʻzining ishtiyoqi sabab oʻqishga va natija qilishga kuchli harakat qilgan.
“Ikki yil juda ham qattiq mehnat qilib, hattoki tashqi dunyodan uzilib, faqat oʻqidim desam ham boʻladi”, — deydi oʻquvchi.
Zarnigor biologiya fanidan 3-urinishda A natijaga erishgan. Bundan oldin u B va C+ natijalarNI qo’lga kiritgan. Shundan soʻng oʻqishga, sertifikat olishga boʻlgan ishtiyoqi ancha tushib ketgan. Lekin oʻqituvchilari va ota-onasining ishonchi uni yanada kuchliroq oʻqishga undagan.
Bundan tashqari u kimyo fanidan ham ikkinchi imtihonda A natijaga, qolgan fanlardan esa birinchi urinishidayoq kerakli natijaga erishganini taʼkidlab oʻtdi.





