Raqobat qo‘mitasi yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan “Maktab bozorlari”da faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi. Qo‘mita savdo jarayonlarida iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi va mahsulotlar haqidagi zarur ma’lumotlar taqdim etilishi shartligini eslatdi.
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida respublika hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo komplekslarida mavsumiy “Maktab bozorlari” tashkil etilgan. Mazkur savdo nuqtalarida ota-onalar va o‘quvchilar o‘quv-yozuv qurollari, maktab formasi, darsliklar va boshqa o‘quv anjomlarini xarid qilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda sifatli va hamyonbop mahsulotlar taklif etilishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlariga e’tibor qaratishni tavsiya etdi.
Tadbirkorlik subyektlariga esa “Maktab bozorlari”da sotilayotgan mahsulotlar sifati, narxlarning asosliligi, iste’molchilarga zarur axborotlarning taqdim etilishi hamda ularning huquqlariga rioya qilinishi shartligi eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlari faoliyati yuzasidan monitoring ishlari olib borilishini ma’lum qildi.
Fuqarolar maktab bozorlarida narxlarning asossiz oshirilishi holatlariga duch kelgan taqdirda, bu haqda Qo‘mitaning 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 15-avgustdan 1-oktabrga qadar poytaxtdagi maktablar, dehqon bozorlari va savdo majmualarida “Maktab bozorlari” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Unda oʻquvchilar uchun darsliklar, oʻquv qurollari va maktab kiyim-kechaklari savdosi tashkil etilgan.
