Joriy yilgi minimal o‘tish ballari ma’lum bo‘ldi

Joriy yilgi minimal o‘tish ballari ma’lum bo‘ldi

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’limga qabulda minimal o‘tish ballari o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bilan bir xil bo‘ldi. Davlat granti uchun minimal o‘tish bali 68,0 ball, to‘lov-kontrakt uchun esa 56,7 ball etib belgilandi.

 

Bugun, 17-avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokida 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari yakunlari va yakuniy tanlov natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Mazkur matbuot anjumanida Talimxabarlari.uz muxbiri ham ishtirok etdi. Muxbirimiz tomonidan joriy yilgi minimal o‘tish ballari bo‘yicha savol berildi. Agentlik mutasaddilar davlat granti bo‘yicha minimal o‘tish bali — 68,0 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa — 56,7 ball etib belgilanganini ma’lum qildi.

 

Minimal o‘tish bali abituriyentning oliy ta’limga qabul qilinishi uchun to‘plashi lozim bo‘lgan eng kam ball hisoblanadi. Ya’ni abituriyent belgilangan kvota doirasida bo‘lsa ham, tegishli minimal balldan past natija qayd etsa, talabalikka tavsiya etilmaydi.

 

Minimal o‘tish bali nafaqat talabalikka tavsiya etilishda, balki vakant o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish hamda super-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatidan foydalanishda ham muhim mezon hisoblanadi.

 

Shu sababli 56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlovda ishtirok eta olmaydi hamda super-kontrakt asosida o‘qish uchun ariza bera olmaydi.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, minimal o‘tish ballari davlat granti va to‘lov-kontrakt uchun alohida belgilanadi. Mazkur ballar tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballari hisobga olingan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat OTMlarida to‘lmay qolgan vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlovni 22–23-avgust kunlari boshlash rejalashtirilayotganligi haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish