Xorijiy va nodavlat OTMlardan Oʻzbekistondagi oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishini koʻchirish uchun my.gov.uz orqali ariza topshirgan talabalar bugun, 11-avgust kuni belgilangan toʻlovni amalga oshirishi kerak. Toʻlov oʻz vaqtida qilinmasa, ariza bekor qilinishi mumkin.
2026/2027-oʻquv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan Oʻzbekistondagi OTMlarga oʻqishni koʻchirish boʻyicha my.gov.uz orqali ariza topshirgan talabalar uchun xizmat haqini toʻlash muddati bugun, 11-avgust kuni yakunlanadi.
Oʻqishni koʻchirish boʻyicha xizmat uchun BHMning 0,5 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
Toʻlovni my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinet yoki mobil ilovalar orqali masofadan amalga oshirish mumkin.
Talabalar toʻlovni bugun kun yakuniga qadar amalga oshirishi lozim. Belgilangan muddatda toʻlov qilinmasa, ariza holati bekor boʻlib qolishi mumkin.
Ariza topshirgan talabalar my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinet orqali ariza holatini tekshirishi va toʻlov amalga oshirilganini nazorat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, endilikda nodavlat OTMlar o‘rtasidagi oʻqishni koʻchirishda avvalgi ikki uzrli sababga qoʻshimcha ravishda “boshqa sabablarga koʻra” sabab turi ham qo‘shilgan.
