2026/2027-oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish istagida boʻlgan fuqarolar uchun onlayn ariza topshirish jarayoni bugun, 10-avgust kuni yakunlanadi. Talabgorlar hujjatlarini my.edu.uz platformasi orqali bugun kun yakuniga qadar topshirishlari mumkin.
Xabaringiz bor, 2026/2027-oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim uchun talabgorlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish 10-iyuldan boshlangan edi. Hujjat topshirish jarayoni bugun, 10-avgust kuni yakunlanadi. 10-avgust soat 09:35 holatiga ko‘ra, 25 373 nafar talabgor ariza topshirgan.
Amaldagi tartibga koʻra, oliy maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni olish uchun oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
Nomzodlar my.edu.uz platformasida:
— pasport va JSHSHIR maʼlumotlarini kiritadi;
— diplom va uning ilovasining elektron nusxasini yuklaydi;
— oʻqish istagidagi oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini tanlaydi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabulda fuqaroning birinchi bakalavr diplomi boʻyicha olgan mutaxassisligi cheklov sifatida belgilanmagan.
Yaʼni, birinchi oliy maʼlumotini bir yoʻnalishda olgan fuqaro ikkinchi mutaxassislik uchun boshqa yoʻnalishni tanlashi mumkin. Masalan, matematika yoʻnalishini tamomlagan shaxs ikkinchi oliy taʼlim uchun biologiya, iqtisodiyot yoki filologiya kabi boshqa yoʻnalishlarga hujjat topshirishi mumkin.
Bunda ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim toʻliq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchi mutaxassislik boʻyicha qabul kvotalari OTMning ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasining Kengashi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul natijalari oliy taʼlim muassasalari tomonidan 30-avgustga qadar eʼlon qilinadi.
